YATTDA YOLLANIB ISHLAYDIGAN SHAXSLAR MEHNATINI HUQUQIY TARTIBGA SOLISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI BO‘YICHA 7 TA SAVOLGA 7 TA JAVOB
1. Qanday hollarda yakka tartibdagi tadbirkorlar yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga haqli?
Davlat ro‘yxatidan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bank hisobvarag‘ini ochganidan keyin yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turiga qarab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga haqli.
2. Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan xodim bilan qanday shartnoma tuziladi?
Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan xodim bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Bunda mehnat shartnomasining muddati yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak.
Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor o‘rtasidagi mehnat shartnomasining namunaviy shakli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
3. Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan xodimga mehnat daftarchasini qachondan boshlab yuritadi?
Yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlovchi xodimlarga mehnat daftarchalari yuritilmaydi.
4. Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilingan xodim bilan ish va dam olish rejimi qanday belgilanadi?
Ish rejimi, dam olish kunlarini va yillik mehnat ta’tillarini berish tartibi xodim bilan yakka tartibdagi tadbirkor o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi. Bunda ish haftasining davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilanganidan ko‘proq, yillik mehnat ta’tilining davomiyligi esa qisqaroq bo‘lishi mumkin emas.
5. Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilingan xodimga nisbatan mehnat shartlarining o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yiladimi?
Agar texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmlarining qisqarganligi munosabati bilan avvalgi mehnat shartlari saqlab qolinishi mumkin bo‘lmasa, yakka tartibdagi tadbirkor ish beruvchi sifatida xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan mehnat vazifasini davom ettirayotganida xodimning roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirishga haqli.
Bunda yakka tartibdagi tadbirkor xodimning taraflar tomonidan belgilangan mehnat shartlari o‘zgartirilishi to‘g‘risida xodimni kamida o‘n to‘rt kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi shart.
6. Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor o‘rtasidagi mehnat shartnomasini bekor qilish qanday tarzda amalga oshiriladi?
Xodim yakka tartibdagi tadbirkor bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu tadbirkorni yetti kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga haqli.
Ushbu ogohlantirish muddati xodim va yakka tartibdagi tadbirkorning kelishuviga ko‘ra qisqartirilishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini unda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra bekor qilishga haqlidir.
7. Yakka tartibdagi tadbirkorda ishlaydigan xodimlarning mehnat staji hisobga olinadimi?
Yakka tartibdagi tadbirkorda yollanib ishlash davrlari, basharti ijtimoiy soliq to‘lansa, xodimning mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Xodimning mehnat stajini hisobga olish ijtimoiy soliq to‘lash to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.
Boshqa maqolalar
“AHOLINI ROʻYXATGA OLISH TOʻGʻRISIDA”GI O‘ZBEKISTON
personmaftuna 12-11-24, 23:11davriylik; umumiylik va bir paytdalik; roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi; shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi;...
SINOV MUDDATI DAVRIDA ХODIMNING LAVOZIM MAOSHINI
personmaftuna 21-02-24, 02:06TA’TILLARNI JAMLASH QOIDASINI HISOBGA OLGAN HOLDA IJTIMOIY TA’TILNI QANDAY TAQDIM QILISH KERAK? Mehnat kodeksining...
PARRANDA GO‘SHTINI EKSPORT QILISHDA MAVJUD BARCHA
personmaftuna 23-07-24, 14:08“Parrandachilik sohasini yanada qo'llab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperasiya tizimini joriy...