NIKOH SHARTNOMASI TUZISH AFZALLIKLARI
Nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi.
Nikoh shartnomasining mazmuni
Er va xotin nikoh shartnomasiga ko‘ra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqlidir.
Nikoh shartnomasi bugungi kunda qonun normalari bilan tartibga solinsada, qadim zamonlarda ham bu qoidalarga rioya qilinganligini tarixiy manbalarda uchratamiz.
Nikoh shartnomasi o‘tmishda ya’ni islom dini qoidalariga asosan, vakillar ishtirokida o‘qilgan nikoh chog‘ida kelinga berilajak mahr, erkakning oila oldidagi mas’uliyati kelishib olingan. Kelinga berilgan mahr, ajrashgan taqdirda qaytib olinmagan. Birga yashagan taqdirda ham kelinga nikoh kuni sovg‘a qilingan buyumlar (taqinchoqlar, mol, uy) kelinning shaxsiy buyumlari hisoblangan. Hattoki hozirgi kunda rasmiy imom domlalar tomonidan nikoh o‘qilayotganda kuyov bolaga mahr uchun kelinga ataganingiz bormi? degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Bu har bir erkakning zimmasidasi mas’uliyat. To‘g‘ri hayotda xar xil xodisalar bo‘lishi mumkin. Ayol nozik va nafisa bo‘lgani uchun iqtisodiy himoyalangan.
"Nikoh shartnomasi" tushunchasi qonunchiligimiz uchun nisbatan yangi tushuncha. Bir-birlari bilan umumiy mol-mulkka egalik qilish tartibi to‘g‘risida bitim tuzish imkoniyati er-xotinlarda birinchi marta Oila kodeksi qabul qilingan 1998-yilda paydo bo‘ldi. Ya’ni mazkur kodeksning VI bob 29-moddasidan 36-moddasigacha Er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibiga bag‘ishlangan.
Xorij tajribasi bilan taqqoslaganda mamlakatimiz uchun nikoh shartnomasining tartiboti bir qadar yangi soha. Germaniyada, misol uchun, uni tuza boshlaganlariga 100 yildan oshdi.
Nikoh shartnomasi FHDYo organlaridan qonuniy nikohdan o‘tuvchilarning har biriga tushuntirilganida afsuski, noto‘g‘ri tushunishadi. Biz ajralish niyatimiz yo‘q. Bu majburiy emas. Go‘yoki ularga da’vat qilinganday tuyuladi. Shu sababli ham o‘zbek xonadonlarida juda kam holatlardagina nikoh shartnomasi tuziladi.
Ajrashishga va umumiy mol-mulkni bo‘lishishga to‘g‘ri kelishi xususida o‘ylaydiganlar ko‘p emas. Shunday bo‘lsa-da, mulkiy munosabatlar avvaldan tartibga solinsa, bu keyinchalik noxush holatlarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
Shu sababli ham aholining ayniqsa yoshlarning huquqiy ong va madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor qilib borish uchun ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar hamda mahallalarda o‘tkaziladigan tadbirlar yoki “Yosh oila quruvchilar” maktablarida muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Biroq, ajrim holatlarida arzimagan narsalar uchun mol mulkini bo‘lisholmasdan sudlashib yurgan holatlarni hayotiy tajribamizda ko‘rayapmiz.
Nikoh shartnomasi faqatgina mulkiy munosabatlarnigina tartibga soladi xolos. Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin.
Nikoh davlat ro‘yxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Nikoh shartnomasini notarial tasdiqlashda davlat boji undirilmaydi. Nikoh shartnomasi quyidagi shartlar asosida tuzilgan deb hisoblanadi:
Ikkala turmush o‘rtog‘ining xohishi mavjud, ya’ni ikkala turmush o‘rtog‘i ham bunday shartnoma tuzishga rozi.
Shartnomani imzolashda har ikkala turmush o‘rtog‘i ham shaxsan ishtirok etadilar.
Shartnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi shart (aks holda shartnoma haqiqiy emas, ya’ni u yuridik kuchga ega emas).
Nikoh shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni bir tomonlama bajarishdan voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi, er-xotinlar nikoh shartnomasida mavjud shartlarni o‘zgartirish imkoniyatiga ega. Buning uchun er-xotinlar nikoh shartnomasini notarius bilan tasdiqlashni unutmagan holda qayta imzolashlari shart.
Nikoh shartnomasini bekor qilish sud orqali amalga oshirish mumkin. Nikoh shartnomasini bekor qilishda Siz ishonchli dalillarga ega bo‘lishingiz kerak. Nikoh shartnomasining amal qilishi nikoh bekor qilingan paytdan e’tiboran bekor qilinadi, nikoh shartnomasida nikoh tugaganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno.
Turmush o‘rtog‘i nikoh shartnomasini tuzish, o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida o‘z kreditorini (kreditorlarini) xabardor qilishi shart. Agar bu majburiyat bajarilmasa, turmush o‘rtog‘i nikoh shartnomasining mazmunidan qat’i nazar, o‘z majburiyatlari bo‘yicha javob beradi.
Qarzdor yer yoki xotinning kreditorlari (kreditorlari) qonunda belgilangan tartibda tubdan o‘zgargan holatlar munosabati bilan nikoh shartnomasining shartlarini o‘zgartirishni yoki bekor qilishni talab qilishga haqli.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, nikoh shartnomasini tuzish kelajakda nizoli vaziyatlar tinch yo‘l bilan oldi olinadi.
M. SADIKOVA,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.
Boshqa maqolalar
QARINDOSHLIK QANAQA ?
personmaftuna 28-06-24, 22:50O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 57-moddasiga asosan. Bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan...
OTA-ONAGA YOKI ULARNI O‘RNINI BOSUVCHI SHAXSGA BERILADIGAN
personmaftuna 24-01-24, 18:3312 yoshga to‘lmagan 2 va undan ortiq bolaning yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga...
FAOLIYATNING AYRIM TURLARINI LITSENZIYALASH TALABLARI BEKOR
personmaftuna 21-03-24, 18:58Prezident 09.01.2024-yilda PF-8-son «Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va...