Kuzatuvchi » Siyosiy » KASANACHILARNING MEHNAT QILISHIGA OID MUHIM QOIDALAR

KASANACHILARNING MEHNAT QILISHIGA OID MUHIM QOIDALAR

Hozirgi kunda tadbirkorlik faoliyati jadal rivojlanib bormoqda va shu sababli kasanachilarga talab kuchli boʻlmoqda. Ularning qonuniy mehnat qilishini taʼminlash va mehnat huquqlarini himoya qilish muhim hisoblanadi.

Mehnat qonunchiligida kasanachilik haqida nima deyilgan? Necha yoshdan kasanachi sifatida ishlasa boʻladi? Ular bilan mehnat shartnomasini tuzish tartibi qanday? Ish vaqti va yillik mehnat taʼtili qanday belgilanadi? va shu kabi muhim savollarga hudud24.uz sayti javob beradi.

1. Kasanachilik nima?

Kasanachilik — tuziladigan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs (kasanachi) tomonidan oʻz yashash joyi boʻyicha yoki kasanachiga yoxud uning oila aʼzolariga tegishli boʻlgan yoki kasanachi tomonidan ijaraga olingan boshqa xonalarda ish beruvchining buyurtmalari boʻyicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish borasida amalga oshiriladigan ishdir.

2. Kasanachilarni ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh necha yosh?

16 yoshga toʻlgan jismoniy shaxs kasanachi boʻlishi mumkin. Agar kasanachilikning xususiyati kasanachi bilan yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzish zaruratini taqozo etsa, 18 yoshga toʻlgan shaxslarning kasanachilikni amalga oshirishiga yoʻl qoʻyiladi.

3. Kasanachilar bilan mehnat shartnomasini tuzish tartibi qanday?

Kasanachilikni amalga oshirish uchun qabul qilinadigan jismoniy shaxs bilan ish beruvchi oʻrtasida yozma shaklda mehnat shartnomasi tuziladi.

Kasanachilar bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga qoʻshimcha tarzda quyidagi shartlar ham kiritiladi:

kasanachi tomonidan mehnat vazifalarini amalga oshirish uchun asbob-uskunalar, jihozlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlarni berish tartibi;

xom ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni qabul qilish hamda topshirish tartibi;

moddiy javobgarlik shartlari;

ish beruvchi va kasanachining mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda mehnat shartlariga rioya etishga doir majburiyatlari;

kasanachiga taʼtillar berish, uni ijtimoiy sugʻurta qilish, uning pensiya taʼminoti shartlari;

ish beruvchining buyurtmasini bajarish uchun kasanachi oʻz uskunasi, asbobi va jihozidan foydalangan taqdirda uning xarajatlari oʻrnini qoplash tartibi va shartlari;

ish beruvchining buyurtmasini bajarish munosabati bilan kasanachi foydalangan energiya, suv, aloqa uchun xarajatlarning oʻrnini qoplash (kompensatsiya qilish) tartibi;

mehnat vazifalarini amalga oshirishi uchun unga berilgan uskuna, asbob va jihozni taʼmirlash yuzasidan ish beruvchining majburiyatlari;

kasanachining aybiga koʻra materiallar, uskunalar, asboblarning buzilishi, shuningdek mahsulotning toʻliq yoki qisman yaroqsizligi bilan bogʻliq moddiy zararning oʻrnini ish beruvchiga qoplash shartlari;

kasanachiga foydalanish uchun berilgan uskunalar, asboblarni, jihozlarni, butlovchi buyumlarni, xom ashyoni va materiallarni inventarizatsiyadan oʻtkazish tartibi hamda ish beruvchining vakillarini kasanachilik amalga oshirilayotgan xonalarga kiritish shartlari;

kasanachiga bogʻliq boʻlmagan holatlar (elektr energiyasining, suv, gazning mavjud emasligi va boshqalar) munosabati bilan ish beruvchining buyurtmasini belgilangan muddatlarda bajarish mumkin boʻlmagan taqdirda, kasanachining bu haqda ish beruvchini xabardor qilishga doir majburiyatlari.

4. Kasanachiga oila aʼzolari ham yordamlashishi mumkinmi?

Kasanachi tomonidan ishlarni bajarish ish beruvchining roziligi olinmagan holda kasanachining oila aʼzolari ishtirokida (yordamida) amalga oshirilishi mumkin. Bunda kasanachining oila aʼzolari va ish beruvchi oʻrtasida yakka tartibdagi mehnat munosabatlari yuzaga kelmaydi. Kasanachi oʻziga yordam beradigan oila aʼzolari tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) sifati uchun ish beruvchi oldida javobgardir.

5. Kasanachining ish vaqti qanday belgilanadi?

Ish beruvchi kasanachi uchun ishlab chiqarish topshirigʻini belgilashda butun ishlar majmuini bajarish uchun ish vaqtining umumiy davomiyligi normal yoki qisqartirilgan ish vaqti davomiyligidan oshib ketmasligi uchun ishlarning ayrim turlarini bajarishga doir vaqt normativlarini hisobga olishi kerak.

Kasanachi ishlab chiqarish topshirigʻi hajmidan hamda mehnat shartnomasidan kelib chiqib oʻzi uchun ish vaqti davomiyligini, ish jadvalini va tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.

Kasanachi ish vaqtini oʻz xohishiga koʻra taqsimlashini inobatga olib, u bajargan barcha ish uchun 1 hissa miqdorda haq toʻlanadi va unga nisbatan ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida, shuningdek tungi vaqtda ishlaganligi uchun mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilmaydi.

6. Kasanachining yillik mehnat taʼtili davomiyligi qancha?

Kasanachining yillik mehnat taʼtili davomiyligi, agar kasanachi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi koʻproq boʻlgan yillik mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega boʻlmasa, 21 kalendar kundan kam boʻlishi mumkin emas.

Kasanachilarga yillik mehnat taʼtilini berish vaqti va navbati kasanachi bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan jadvalda belgilanadi.

7. Kasanachining mehnatiga haq toʻlash qanday amalga oshiriladi?

Kasanachilarga, qoida tariqasida, ishbay haq toʻlanadi. Haq toʻlash amalda bajarilgan ishlar (xizmatlar) uchun yoki sifati boʻyicha belgilangan talablarga javob beruvchi ishlab chiqarilgan mahsulot uchun amalga oshiriladi.

Kasanachining ish haqi, basharti kasanachi mehnat normalarini va mehnat majburiyatlarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi kerak va biron-bir eng yuqori miqdor bilan cheklanmaydi.

Mehnat shartnomasida kasanachining mehnatiga boʻnak tarzida haq toʻlash nazarda tutilishi mumkin.

Agar kasanachi oʻz mehnatini bajaradigan joyda ish haqiga hudud koeffitsiyenti belgilangan boʻlsa, kasanachi mehnatiga haq toʻlash ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

Boshqa maqolalar

QONUNCHILIKKA KO‘RA, PIYODALAR O‘TISH JOYIDA

personmaftuna 30-09-24, 02:35
0 QONUNCHILIKKA KO‘RA, PIYODALAR O‘TISH JOYIDA HARAKATLANAYOTGANDA:

-telefondan foydalanish; -kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qish; -videomateriallarni tomosha qilish;...

XORIJDA VAQTINCHA MEHNAT FAOLIYATINI AMALGA OSHIRAYOTGAN

personmaftuna 04-06-24, 14:18
0 XORIJDA VAQTINCHA MEHNAT FAOLIYATINI AMALGA OSHIRAYOTGAN SHAXSLAR QO‘LLAB-QUVVATLANADI

“Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan...

AUKSIONNI O‘TKAZISH TARTIBINI BILASIZMI?

personmaftuna 28-06-24, 23:09
0 AUKSIONNI O‘TKAZISH TARTIBINI BILASIZMI?

O‘zbekiston Respublikasining Davlat xaridlari to‘g‘risida qonuni 12.03.2021-yil qonunining 54-moddasiga asosan. Auksion...

menu
menu