Kuzatuvchi » Siyosiy » BOLALARGA HIMOYA ORDERI BERISH TARTIBI: 5 SAVOLGA JAVOB

BOLALARGA HIMOYA ORDERI BERISH TARTIBI: 5 SAVOLGA JAVOB

O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 32-moddasidan 35-moddasiga qadar zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga himoya orderi berish tartib-taomillariga bag‘ishlanadi.

Qonun bo‘yicha himoya orderi berish tartibi qanday?

- himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan beriladi.

- order zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshiriladi;

- zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi;

- zo‘ravonlik sodir etgan shaxs o‘n olti yoshga to‘lmagan hollarda himoya orderi berilmaydi.

Himoya orderining amal qilish muddati qancha? Uni uzaytirish mumkinmi?

- himoya orderi vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda, zo‘ravonlik fakti yoki uning sodir etilishi tahdidi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida 30 kun muddatgacha beriladi va rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.

 - agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining arizasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan ko‘pi bilan bir yilga uzaytirilishi mumkin. Bunda himoya orderining amal qilish muddati zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi 18  yoshga to‘lgach tugashi hisobga olingan holda uzaytirilishi kerak.

- himoya orderini berish yoki himoya orderi berilishini yoxud uning amal qilish muddati uzaytirilishini rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorda nimalar nazarda tutilishi lozim?

- himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan vaqt va joy haqidagi ma’lumotlar, qarorni qabul qilgan sudning nomi, sudyaning, taraflarning, ishda ishtirok etgan boshqa shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi;

- zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining hamda zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning, shuningdek, ularning qonuniy vakillarining familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, mashg‘ulotining turi hamda yashash joyi.

Himoya orderining mazmun-mohiyati nimalardan iborat?

- u rasmiylashtirilgan sana va joy;

- uni rasmiylashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar;

- zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining hamda zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, kasbi hamda yashash joyi;

- ushbu Qonunning 35-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarning ro‘yxati;

- himoya orderida zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining sudga murojaat qilish huquqi to‘g‘risidagi, zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarligi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Himoya orderida qanday cheklovlar nazarda tutilgan?

- zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishini taqiqlash;

- zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yo‘l qo‘yiladi);

- zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi bilan bir xonada yoki transport vositasida birga bo‘lishini taqiqlash;

- zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining davolanish, maslahat olish xarajatlarining, uni zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazga joylashtirish xarajatlarining, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash, shuningdek, ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga yuklatish;

- zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi davrida yoki unda ko‘rsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek, qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.


Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

Boshqa maqolalar

MUAYYAN SUBYEKTLARGA ELEKTR ENERGIYASI UCHUN ALOHIDA TOʻLOV

personmaftuna 21-02-25, 09:45
0 MUAYYAN SUBYEKTLARGA ELEKTR ENERGIYASI UCHUN ALOHIDA TOʻLOV TARTIBI BELGILANDI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 25.09.2024-yildagi “Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan...

HISOB PALATASIDA XALQARO STANDARTLAR ASOSIDA DAVLAT

personmaftuna 23-07-24, 14:45
0 HISOB PALATASIDA XALQARO STANDARTLAR ASOSIDA DAVLAT AUDITINI TASHKIL ETISH SHOBASI TASHKIL ETILADI

Farmonga muvofiq, Hisob palatasida quyidagilar tashkil etiladi: Mudofaa majmui va huquq-tartibot organlari...

IJTIMOIY YORDAMGA MUHTOJ AYRIM OILALARGA BIR MARTALIK

personmaftuna 23-01-24, 00:39
0 IJTIMOIY YORDAMGA MUHTOJ AYRIM OILALARGA BIR MARTALIK MODDIY YORDAM BIR KUNDA BERILISHI MUMKIN

Vazirlar Mahkamasining 17.10.2023-yildagi 547-son qarori bilan Hukumatning ayrim hujjatlariga ijtimoiy ahvoli va...

menu
menu