Kuzatuvchi » Siyosiy » TO‘LIQSIZ ISH VAQTI TUSHUNCHASI VA TURLARI

TO‘LIQSIZ ISH VAQTI TUSHUNCHASI VA TURLARI

Ish vaqti tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasida belgilab qo‘yilgan. Ish vaqti — xodim ichki mehnat tartib qoidalariga, smenalarga bo‘linib ishlash (ish) jadvallariga, boshqa ichki hujjatlarga yoki mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini qaysi vaqt mobaynida bajarish hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksiga asosan ish vaqtining quyidagi turlari mavjud: ish vaqtining normal davomiyligi, ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi, to‘liqsiz ish vaqti.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 182-moddasiga binoan, xodim uchun ish vaqtining normal muddati olti kunlik ish haftasiga ham, besh kunlik ish haftasiga ham ish vaqti haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Ammo ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘ligi, holati, mehnat sharoitlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va o‘zga holatlarni inobatga olib, mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga muvofiq mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan, ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi.

Bu xodimlar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:

o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlar;

I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar;

noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar; 

ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy, asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlar, pedagoglar va boshqa toifadagi xodimlar; 

uch yoshgacha bo‘lgan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biri (vasiy) (MK-183-moddasi).

To‘liqsiz ish vaqti to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasini qamrab oladi. Xodimning mehnat rejimi ish kuni muddati hamda haftadagi ish kunlari soni kamaytirilishini nazarda tutilgan bo‘lsagina, to‘liqsiz ish vaqti hisoblanadi. To‘liqsiz ish vaqti davrida ish vaqti muddatining normasi kamayadi, ya’ni xodim mazkur korxonadagi ichki tartib yoki ish jadvalida belgilab qo‘yilgan vaqtidan kamroq vaqt ishlaydi.

Amaldagi Mehnat kodeksida ham to‘liqsiz ish vaqti quyidagilarga asosan belgilanadi (MK 186-moddasi):

1) tomonlarning kelishuvi bo‘yicha;

2) xodimlarning ma’lum bir toifasining talabiga ko‘ra ish beruvchi tomonidan  majburiy ijro qilish uchun.

Tomonlarning kelishuvi bo‘yicha to‘liqsiz ish kunini belgilash qismida qo‘shimcha tarzda quyidagilar nazarda tutilgan:

— to‘liqsiz ish kuni (smena) va (yoki) to‘liqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga bo‘lish bilan belgilanishi mumkin;

— to‘liqsiz ish vaqtini muddatsiz ham, taraflar tomonidan kelishilgan har qanday muddat uchun ham belgilashga ruxsat beriladi.

Xodimlar ayrim toifalarining talabi bo‘yicha to‘liqsiz ish vaqtini belgilash qismida esa ularning ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritildi.

 Hozir unga quyidagilar kiradi:

1) homilador ayollar;

2) 14 yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollar (16 yoshgacha nogiron bolasi bo‘lgan), shu jumladan — uning qaramog‘ida bo‘lgan;

3) tibbiy xulosaga muvofiq betob oila a’zosiga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar.

Bu masalani bolaning otasiga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan band bo‘lgan boshqa shaxslarga (ona bundan mustasno) mehnat sohasida qo‘shimcha kafolatlarni taqdim qiluvchi yangi Mehnat kodeksining 410-moddasi aniqlashtiradi. To‘liqsiz ish kunini belgilash uchun bolaning otasi ish beruvchiga bolaning onasi ushbu kafolatlardan foydalanmasligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak. Bunday hujjat bo‘lib ish joyidan ma’lumotnoma, o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma, ona va oilaviy vazifalarni bajarish bilan band bo‘lgan boshqa shaxsni ishga layoqatsiz deb tan olinishi yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi haqida sudning qonuniy kuchga kirgan qarori va boshqalar bo‘lishi mumkin.

Yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar uchun to‘liqsiz ish vaqti ular uchun qulay bo‘lgan, lekin imtiyozlar berish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar mavjud bo‘lgan davrdan ko‘p bo‘lmagan muddatga belgilanadi.

To‘liqsiz ish kuni sharoitidagi aniq ish rejimi (ish kuni yoki smenaning davomiyligi, ishning boshlanish va tugash vaqti hamda tanaffuslar) ushbu ish sharoitlarini hisobga olgan holda xodimning xohishiga muvofiq belgilanadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, inson mehnat faoliyatining barcha sohalaridagi ish vaqtini va dam olish vaqtini huquqiy jihatdan to‘liq tartibga solish murakkab va tartibga solib ham bo‘lmaydi. Mehnatga oid bo‘lgan munosabatlar mehnat shartnomasi asosida yuzaga kelgan hollardagina ish vaqtini hamda dam olish vaqtini huquqiy jihatdan tartibga solish zarur bo‘ladi.

 

Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi. 

 

 

 

 

Boshqa maqolalar

FIRMA NOMIDA QANDAY PRINSIPLARGA ZID BO‘LGAN BELGILAR

personmaftuna 30-09-24, 11:44
0 FIRMA NOMIDA QANDAY PRINSIPLARGA ZID BO‘LGAN BELGILAR KO‘RSATILMASLIGI KERAK?

O‘zbekiston Respublikasi “Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga asosan Firma nomida: davlatning rasmiy...

YONG'INLAR PROFILAKTIKASI SAMARADORLIGI YANADA OSHIRILADI

personmaftuna 19-03-24, 02:00
0 YONG'INLAR PROFILAKTIKASI SAMARADORLIGI YANADA OSHIRILADI

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O'RQ-919-son, 13.04.2024 y.) bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga...

MEHNAT SHARTNOMASIGA QANDAY SHARTLAR KIRITILMASLIGI KERAK ?

personmaftuna 29-06-24, 09:04
0 MEHNAT SHARTNOMASIGA QANDAY SHARTLAR KIRITILMASLIGI KERAK ?

Mehnat kodeksining 105-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasining mazmuniga: ▪️xodimning holatini mehnat to‘g‘risidagi...

menu
menu