FUQAROLIK PROTSESSIDA SUDGA CHAQIRUV: MUHIM 5 SAVOLGA JAVOB
Sudning chaqiruv qog‘ozi yoki boshqa xabarnoma ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va sud protsessining boshqa ishtirokchilariga sudga o‘z vaqtida kelish va ishga tayyorlanish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lishini mo‘ljallab topshirilishi yoki yetkazib berilishi kerak.
1. Sud ishtirokchilari sudga qay tartibda chaqiriladi?
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va guvohlar sud chaqiruv qog‘ozlari, zarur hollarda esa buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishini ta’minlaydigan boshqa aloqa vositalari orqali sudga chaqiriladi hamda sudning ayrim protsessual harakatlari to‘g‘risida xabardor qilinadi.
Sudya chaqiruv qog‘ozi bilan bir vaqtda javobgarga da’vo arizasining (arizaning) ko‘chirma nusxasini va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini yuboradi.
Javobgarning yozma tushuntirishi sudga kelib tushgan bo‘lsa, sudya sudga murojaat qilgan shaxsga chaqiruv qog‘ozi yuborayotganda ushbu tushuntirish xatining ko‘chirma nusxasini jo‘natadi.
Sud xabarnomalari va chaqiruv qog‘ozlari ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
2. Sud chaqiruv qog‘ozida qanday ma’lumotlar aks ettirilishi lozim?
Sudga chaqirish to‘g‘risidagi sud chaqiruv qog‘ozida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
— sudning nomi, manzili, telefon raqami, elektron pochta manzili;
— kelish joyi va vaqti;
— shaxs qanday ish yuzasidan chaqirilayotganligi;
— shaxsning kim tariqasida chaqirilayotganligi;
— ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ish bo‘yicha o‘zlari ega bo‘lgan hamma dalillarni taqdim etish to‘g‘risidagi taklif;
— chaqiriluvchi yo‘qligi sababli chaqiruv qog‘ozini qabul qilib olgan shaxsning imkoniyat bo‘lishi bilanoq uni darhol chaqiriluvchiga topshirishga majburligi;
— sudga kelmaganlikning oqibatlari.
3. Chaqiruv qog‘ozi qachon yuborilishi kerak?
Sudning chaqiruv qog‘ozi yoki boshqa xabarnoma ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va sud protsessining boshqa ishtirokchilariga sudga o‘z vaqtida kelish va ishga tayyorlanish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lishini mo‘ljallab topshirilishi yoki yetkazib berilishi kerak.
4. Sudning chaqiruv qog‘ozini qabul qilishdan bosh tortish oqibatlari qanday?
Chaqiriluvchi o‘z nomiga yuborilgan sudning chaqiruv qog‘ozini yoki boshqa xabarnomani qabul qilishdan bosh tortsa, uni keltirgan shaxs sudning chaqiruv qog‘oziga yoki boshqa xabarnomaga tegishli belgi qo‘yib, uni sudga qaytaradi.
Chaqiriluvchi sudning chaqiruv qog‘ozini yoxud boshqa xabarnomani qabul qilib olishdan bosh tortganligi haqidagi belgi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi yoki ish beruvchi (ma’muriyatning mansabdor shaxsi) yoxud o‘quv muassasasi tomonidan yoki kamida ikki nafar fuqaroning imzosi bilan tasdiqlanadi.
Chaqiriluvchi sudning chaqiruv qog‘ozini yoki boshqa xabarnomani qabul qilishdan bosh tortganligi yoki axborot tizimi orqali elektron tarzda xabardor qilingan shaxsning uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmaganligi ishni muhokama qilishga to‘sqinlik qilmaydi.
5. Javobgarni qanday hollarda qidiriladi?
Alimentlar undirish to‘g‘risidagi va mayib bo‘lish yoki sog‘liqqa boshqacha tarzda shikast yetkazilganligi, shuningdek boquvchisining o‘limi natijasida ko‘rilgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi da’volar bo‘yicha javobgarning (qarzdorning) amaldagi turish joyi noma’lum bo‘lgan taqdirda, javobgar (qarzdor) qidirilishi shart.
Bunday hollarda sud ichki ishlar organlari tomonidan javobgarni (qarzdorni) qidirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Tursunboy URAZBAYEV,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.
Boshqa maqolalar
SANATORIYAGA YO‘LLANMALAR QANDAY BERILADI?
personmaftuna 19-01-24, 19:50O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi “Aholiga sanatoriylarda davolanish uchun...
KO‘P QAVATLI UYLAR YAQINIDA ELEKTROMOBILLARNI QUVVATLASH
personmaftuna 12-12-24, 02:13To‘xtash joylarining kamida 5 foizi elektromobillarni quvvatlash stansiyalari bilan jihozlanishi kerak. Vazirlar...
HUDUDLARDA “IT-SHAHARCHA”LAR TASHKIL ETILADI
personmaftuna 24-06-24, 10:07O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 15.05.2024-yildagi “Hududlarda yoshlarga raqamli teхnologiyalar va хorijiy...