Kuzatuvchi » Siyosiy » SUD BUYRUGʻINI BERISH HAQIDAGI YANGI TALABLARDAN XABARDORMISIZ?

SUD BUYRUGʻINI BERISH HAQIDAGI YANGI TALABLARDAN XABARDORMISIZ?

Fuqarolik protsessual kodeksining 172-moddasiga koʻra sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida beriladi. Arizada ariza berilayotgan sudning nomi, undiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari, qarzdorning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari, undiruvchining talabi va talabga asos boʻlgan holatlar, undirilayotgan qarzdorlik vujudga kelgan davr va arz qilingan talabni tasdiqlovchi, ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati koʻrsatilishi kerak.

Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza undiruvchi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan berilayotgan arizaga uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerak.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, sud buyrugʻi ijro hujjati kuchiga ega. Sud buyrugʻi boʻyicha undiruv buyruq berilganidan keyin oʻn kunlik muddat oʻtgandan keyin va sud hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Aliment undirish va xodimga uch oylik ish haqidan ortiq boʻlmagan ish haqini undirib berish toʻgʻrisidagi sud buyruqlari darhol ijro etilishi lozim.

Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda fuqarolik munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar va nizosiz munosabatlarni tartibga solishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan huquqiy mexanizmlarni oʻz ichiga olgan.

Jumladan, fuqarolik sud ishlarini yuritishning soddalashtirilgan tartib-taomillari hisoblanmish buyruq tartibida koʻriladigan ishlar kengaytirildi, undagi normalar zamon talablariga moslashtirildi. Eski tahrirdagi kodeksda sud buyrugʻi asosan 5 ta talab boʻyicha chiqarilardi.

Endilikda, yangi Fuqarolik protsessual kodeksining

171-moddasiga muvofiq sud buyrugʻini berish boʻyicha talablarga quyidagilar kiritildi:

talab notarial tasdiqlangan bitimga asoslangan boʻlsa;

talab yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan boʻlsa;

kommunal xizmatlar yoki aloqa xizmatlari toʻlovi boʻyicha qarzdorlikni tasdiqlovchi hujjatlarga asoslangan undirish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa;

voyaga yetmagan bolalar uchun alimentlar undirish toʻgʻrisidagi, otalikni belgilash bilan yoki uchinchi shaxslarni jalb etish zarurati bilan bogʻliq boʻlmagan talab arz qilingan boʻlsa;

hisoblangan, lekin xodimga toʻlanmagan ish haqini va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni undirish haqida talab arz qilingan boʻlsa;

fuqarolardan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa;

ijara shartnomasida belgilangan ijara toʻlovlari muddatida toʻlanmaganligi sababli ushbu toʻlovlarni undirish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa;

xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari aʼzolaridan majburiy badallar va toʻlovlarni undirish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa.

Yozma bitim mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa.

Taʼkidlash joizki, sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza sudga FPKning 5-bobida belgilangan sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi.

Koʻrinib turibdiki, yuqoridagi talablar boʻyicha vujudga keladigan munosabatlar aynan fuqarolarning mulkiy tusdagi ehtiyojidan kelib chiqadigan va albatta bunday masalani tezkorlik bilan hal etilishini talab qiladigan huquqiy munosabatlardir.

Shu nuqtayi nazardan, sud buyrugʻi institutining afzalliklaridan biri ham arizalar boʻyicha taraflar sud majlisiga chaqirtirilmasdan koʻrib chiqiladi va bu borada sudya tomonidan sud majlisi oʻtkazilmaydi.

Chet mamlakatlar qonunchiligining tahlili shuni koʻrsatadiki, ushbu institut MDH davlatlari va boshqa qator mamlakatlarda sudlarda ishlarni tez va qonuniy koʻrilishini taʼminlashda samarali mexanizm boʻlib kelmoqda.

Bunga muhim sabablardan biri — bu sud buyrugʻi chiqarish muddatlaridir.

Amaldagi qonunchiligimizda arz qilingan talabning mazmuni boʻyicha sud buyrugʻi ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun ichida sudya tomonidan berilishi va agar belgilangan muddatda qarzdordan sudga eʼtiroz kelib tushmasa, sudya undiruvchiga sudning muhri bilan tasdiqlangan buyruq koʻchirma nusxasini ijroga taqdim etish uchun berishi belgilangan.

Shu bilan birga, taʼkidlash joizki, sudlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar natijasida sud buyruqlarini sudlarda joriy etilgan “E-XSUD” elektron-axborot sudlov tizimi orqali sudlarga sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizalar taqdim etish va ijroga qaratish amaliyotidan foydalanilmoqda.

Endilikda, yuqorida qayd qilingan talablar boʻyicha chiqarilgan sud buyruqlari sudya tomonidan mazkur elektron tizim orqali majburiy ijro byurosiga yuborilib, sud hujjatining ijrosini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sud buyrugʻi berish boʻyicha sud statistikasini oʻrganganimizda

2024-yil 3 oyi davomida fuqarolik ishlari boʻyicha respublika sudlarining birinchi instansiyasiga 233 187 ta sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizalar kelib tushgan boʻlib, shundan 201 247 ta arizalar boʻyicha sud buyrugʻlari berilgan.

Umuman olganda, yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksining qabul qilinishi va undagi sud buyrugʻi institutining kengaytirilishi sudlarda ishlarni tez, qonuniy va ortiq ovoragarchiliklarsiz koʻrib chiqish, bu bilan esa fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish borasida fuqarolik ishlarini hal etishning muhim protsessual tartiblarini belgilab berdi.

Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish, xalqning sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchini yanada oshirishga, ularning huquqlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirishga koʻmaklashadi.

 

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

Boshqa maqolalar

INSON HUQUQLARI

personmaftuna 20-03-24, 07:08
0 INSON HUQUQLARI

Inson huquqlari - har bir insonning millati, yashash joyi, jinsi, etnik kelib chiqishi, tanasining rangi, dini, tili va...

TALABALAR AMALIYOT O‘TASH VAQTIDA OYLIK OLISHLARI MUMKIN

personmaftuna 29-06-24, 08:48
0 TALABALAR AMALIYOT O‘TASH VAQTIDA OYLIK OLISHLARI MUMKIN

Hukumatning 08.01.2024-yil kungi 11-son qarori bilan tegishli nizom tasdiqlangan ➖ Nizomga ko‘ra, haq to‘lanadigan...

ТАЪЛИМ КРЕДИТИ ФАҚАТ КУНДУЗГИ ТАЪЛИМ ШАКЛИДА ЎҚИЁТГАН

personmaftuna 30-05-24, 13:06
0 ТАЪЛИМ КРЕДИТИ ФАҚАТ КУНДУЗГИ ТАЪЛИМ ШАКЛИДА ЎҚИЁТГАН ТАЛАБА ВА ЎҚУВЧИЛАРГА АЖРАТИЛАДИ

“Олий ва профессионал таълим ташкилотлари талабалари ва ўқувчиларига бюджет маблағлари ҳисобидан таълим кредитини...

menu
menu