SO‘ZI GAVHARDAN HAM ORTIQ SHOIR…
Necha asrlardan beri o`zining ilm-fani, madaniyati, san`ati, me`moriy yodgorliklari bilan yuksak madaniyat o`chog`i bo`lib kelayotgan Xoramda, ayniqsa XIX asrga kelib madaniy hayot qayta jonlangan, rivojlangan. Xonlikning poytaxti bo`lgan Xiva madaniy-adabiy muhit markaziga aylangan.
Xorazmdagi adabiy muhitning yirik vakili bo`lgan iste`dodli va yetuk shoir, salohiyatli va bilimdon tarixchi, mohir tarjimon Muhammad Rizo Erniyozbek o`g`li Ogahiy (1809-1874)dan xalqimizga juda boy madaniy meros qolgan. U o`zining jahonshumul badiiy asarlari va qomusiy ahamiyatga molik ilmiy merosi bilan o`zbek adabiyoti, madaniyati va ilm- fani rivojiga munosib ulush qo`shdi.
O‘zbek mumtoz adabiyoti, milliy madaniyatimiz, ma’rifat va ma’naviyatimiz rivojiga samarali ulush qo‘sha olgan serqirra ijodkor, davlat va siyosat arbobi Ogahiy qo`hna va hamisha navqiron yurt - Xiva dilbandidir.
Ogahiy salohiyatli tarixchi sifatida beshta mustaqil tarixiy asar yozdi. Jumladan, «Riyoz ud-davla» («Saltanat bog‘lari», 1844), «Zubdat ut-tavorix» («Tarixlar qaymog‘i», 1845 — 46), «Jome’ ul-voqeoti sultoniy» («Sultonlik voqealarini jamlovchi», 1857), «Gulshani davlat» («Davlat gulshani», 1865), «Shohidi iqbol» («Iqbol guvohi», 1872) kabi asarlarida Xorazmda yashagan o‘zbek, turkman, qoraqalpoq, qozoq xalqlarining tarixi, madaniy va ijtimoiy hayoti, Xiva xonligining boshqa xonliklar bilan munosabati va boshqa tarixiy voqealar aks etgan.
Mohir tarjimon sifatida Sharq adabiyotining 20 ga yaqin nodir asarlarini o`qbek tiliga tarjima qildi. Shunday bo`lsa-da Ogahiy hazratlari xalq orasida shoir sifatida mashhur edi.
Ogahiyning asosiy she‘riy merosi “Ta’viz ul- oshiqin” (Oshiqlar tumori) devonida to‘plangan. Mazkur devon shoir va xon Feruzning ko‘rsatmasi va talabiga binoan tuzilgan.Unda Sharq she’riyatining 22 janridagi 20 ming misraga yaqin lirik meros jamlangan.
Ogahiy hayotga o’z mezoni bilan qaraydi. Lirikasida real borliqni, unga o’z munosabatini bildirar ekan, ilgor insonparvarlik g’oyalarni ifoda etadi. «Hayot guli» (Navoiy) bo’lgan insonni ulug’laydi va uni hamma narsadan sarbaland deb biladi.
Ogahiy ijodida insonga, uning aql - zakovatiga ishonch, inson qadr-qimmatini ulug`lash, umumbashariy g`oralar tarannumi bugungi kunda hikmatlar shodasiga aylanib, har bir kishining ma’naviyatini boyitishda ma`naviy ehtiyojga aylanayotgani mubolag`a emas. Zero, bugungi ijtimoiy hayotimizda mustaqil yurtimizning ertasi bo`lgan komil insonni tarbiyalash kechiktirib bo`lmaydigan dolzarb vazifalardan biridir. Shoir ijodida insonni bezaydigan eng yaxshi axloqiy-ma’naviy fazilatlar (vatanparvarlik, insonparvarlik, millatparvarlik, adolatparvarlik, qahramonlik, jasurlik, mehr-oqibat, do`stlik, darddoshlik, ilm olish, dunyoni teran anglash hayotga, umrga oqil munosabatda bo`lish va shu kabi fazilatlar) tarannumi juda ko`pligi diqqatga sazovordir. Teran fikr, keng dunyoqarash sohibi bo`lgan Ogahiy ijodini dengizga qiyoslash mumkin. Dengiz tubiga esa qancha chuqur sho`ng`igan kitobxongina uning bebaho duru gavharlaridan bahramand bo`lib, ma’nan boy, qalban pok, chinakam barkamol insonga aylanishi, ma’naviy- ruhiy boylikka erishishi tabiiy, albatta.
Musulmon Sharqi ucun odob-axloq, insoniy fazilatlar, ma’naviyat- ma’rifat tushunchalari sifatida qadrlangan va e’zozlangan. Tabiiyki, bunday ma’naviy- ma’rifiy falsafiy qarashlar hazrat Ogahiy ijodining ham shox tomirini tashkil qiladi, chunki mutafakkir shoir har qanday she’r odob-axloq haqidagi baytlar bilan bezanmog`i lozim, degan asosli konsepsiyani ilgari suradi. Shoir o`zining “Ta’viz ul- oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) devoni debochasida bu haqda maxsus to`xtaladiki, undan shoirning falsafasini tushunish qiyin emas. Hazrat Ogahiyning fikricha, ma’rifatning asosi odobdir, negizi axloq-odob bo`lgan ma’rifat esa oily qadriyat hisoblanadi.
Ogahiy inson shaxsiyatini o’rganar ekan, uni insoniyat taqdiri, madaniyat, ma’rifat va fan tarixida chuqur iz qoldirgan tafakkur mahsuli bilan bog’laydi. Shu boisdan ham shoir tanlagan har bir shaxs Ogahiyning ijtimoiy-falsafiy qarashlarida alohida ahamiyat kasb etadi va o’sha shaxsning hayot yo’li va qarashlari insoniyat qarashlari majmuasining tarkibiy qismi sifatida tasvirlanadi. Ogahiy o’z salaflari orasida o’tmish va o’z davri tafakko`rining ijtimoiy-falsafiy va estetik mazmunini yaxshi o’zlashtiribgina qolmay, balki yana bir pog’ona tadrijiy rivojlantira olgan shoir ham bo’lgan. Ayniqsa, Ogahiy falsafiy-estetik qarashlarining qaror topishida va olam hodisalarining rang-barang shakldagi ko’rinishlarini o’rganishda o’z boshidan kechirgan voqe-kechinmalar muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ular mushohadasi orqali shoir ongida hayotda yuz bergan voqealarni idrok etish va voqelikning juda ko’p qirralarini, xususiyatlarini aniqlash imkoniyatiga ega bo’ladi. Natijada, o’tmish bilimlari bilan o’zining real hayotdan olgan falsafiy mushohadalarini qiyosiy o’rganish orqali, olamning murakkab va rang-barang doimiy harakatdagi ko’rinishlariga davr va tarix taraqqiyoti, qolaversa, tarixiy shaxslarning turli-tuman hayot yo’llari va taqdiriga haqqoniy baho berishga intiladi. Shuning uchun ham Ogahiy tomonidan real inson obrazini idrok etishga qilingan sa’y-harakati o’ziga xos estetik vazifa sifatida ko’riladi va tasvirini chizish esa ana shu insoniyatga xos bo’lgan umumiylikning juz’iy tarkibi sifatida asar to’qimasiga singdiriladi. Shoir biror bir shaxs, voqea, holat va sharoitning murakkab mazmuni va mohiyatini o’rganib, yakuniy xulosaga kelishidan oldin, ma’lum falsafiy mushohada va uzoq hayotiy kuzatishlar yo’lini bosib o’tadi. Bu yo’l san’atkor ma’naviy qiyofasining tadrijiy bosqichi va ijodiy o’zligining qaror topish davrini tashkil etadi. Ogahiy falsafiy-estetik qarashlarining vujudga kelish ko`rtaklari ham ana shu bosqichlar davrida paydo bo’la borgan, desak yanglishmagan bo’lamiz. Shoirning falsafiy-estetik qarashlari negizida sharq mumtoz adabiyotining buyuk so’z san’atkorlari Firdavsiy, Umar Hayyom, Pahlavon Mahmud, Sa’diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy va Bedillarning ta’siri sezilib turadi.
Ogahiy o’z salaflari singari o’zi yashagan davrning, XIX asrning, eng muhim voqealarini g’oyaviy-badiiy, ma’naviy-axloqiy qarashlari asosida ifoda etdi.Shoir o’zining odam naslidan ekanligi bilan faxrlanadi. Lekin har qanday kishi ham inson, odam degan nomga loyiq bo’lavermaydi, degan asosli falsafiy fikrlarni ilgari suradi:
Zarra uchubon nayyiri a’zam bo’lmas,
Er bolish etib, avji falak ham bo’lmas.
Inson aro nodonni biling hayvondur,
Hayvon necha zo’r aylasa, odam bo`lmas.
Yoki:
Qilmoq bila parvarish tikan gul bo’lmas,
Ham tarbiyat ila zog’ bulbul bo’lmas.
Gar asli yomonga yaxshilik ming qilsang,
Yaxshilik oning niyati bilkul bo’lmas.
Ogahiy she’riyati xalqchillik, halollik hayotga faol munosabatda bo’lish, hayotdan lazzatlanish, dunyoni bir butunlikda anglash, zulm va zuravonlikni qoralash kabi masalalarni kamrab olganligi bilan ham ahamiyatlidir. Shoir lirikasida olam va odam, shaxs va jamiyat, turli ijtimoiy tabaqa va guruhlarning munosabatlari, ular o`rtasidagi ziddiyatlar go’zal va ta’sirli holda talqin qilingan:
To kajlik ila kirdi falak davronga,
Dono hama non gadosidur nodonga,
Tuzlik bila aylansa edi gar gardun,
Nodon yuzi tushmagay edi bir nonga
misralari Ogahiy dunyoqarashi va estetikasining yorqin misoli o’laroq, teran fikr va falsafiy mushohadaga boyligi bilan xarakterlidir.
Ogahiy insoniylik sharafiga dog’ tushiradigan, ma’naviy kamolotga halal beradigan barcha yomon xususiyatlarni, illatlarni ayovsiz fosh qiladi. Xususan, u bir qit’ada inson kamolati yo’lidagi ba’zi axloqiy hislatlar haqida o`z mulohazalarni bayon etar ekan, qanoatli inson ham shaklan, ham mazmunan xoksor bo’ladi, u tama’ kabi g’ayri axloqiy xususiyatlardan holi bo`ladi. Shu bois, qanoatli inson «mehr yanglig’», ya’ni quyosh singari izzat-u ikromda, uning boyligi ham, davlati ham o’z nafsini idora qila oladi. Ogahiy she’rlarining asosiy g’oyaviy yo’nalishini shoir yashab ijod etgan tarixiy davr» jamiyat muammolari, insonning axloqiy tarbiyasi bilan bog’liq bo’lgan hayotiy masalalar tashkil etadi. Shoir she’rlarida halollik va vafo saxovat va muruvvat, muhtojlik va qanoat kabi yaxshi xulqlar madh kilinadi. Buxl va xissat, kibr-u hasad, shumlig-u badbaxtlik, johillig-u nodonlik kabi yomon xulqlar kishilarning tuban va jirkanch xususiyatlari sifatida qoralanadi.
Ogahiy kishilarni fe’l-atvoriga qarab, yaxshi-yomonga ajratar ekan, buning boisini axloqiy tarbiyada, deb biladi. Shunga ko’ra, shoirning katta asarlaridagi kabi, kichik janrda yozgan she’rlarida ham axloqiy qarashlar asosiy, markaziy o`rinni egallaydi. Uning fikricha, inson yaxshi-yomonni ajratishi uchun, avvalo, u o’zligini anglab olmog`i lozim. Ogahiyning bunday falsafiy-axloqiy qarashlari umumbashariy, umuminsoniy adamiyatga egadir. Shoir mol-mulkka hirs qo`ymasliq o`tkinchi dunyoning havaslariga aldanmaslik, halollik va poklik mehr-oqibatlilik, muruvvatlilikka da’vat qiladi. Bu esa barcha davrlar, xalqlar uchun birday muhim ahamiyat kasb etadi. Shoir ijodidagi umumbashariy ma’naviy qadriyatlardan yana biri, o`zgalarga nisbatan adolatli, insofli bo`lishga da’vat etishdir. olganligida deydi.
Ogahiy hazratlarining nomi, mehnati, salohiyati shoirning tirikligidayoq ma’lumu mashhur edi. Jumladan, Komil Xorazmiy unga shunday baho bergandi:
Ulki ogahlarning Ogahidur,
Fahmu donish sipehrining mahidur.
So‘zi ortiqdur guhardin ham,
Fazlu donishda olam ichra alam.
Gulmira RAVSHONBEKOVA,
Urganch davlat universiteti filologiya va san’at fakulteti II bosqich talabasi.
Boshqa maqolalar
KREDITNI UNDIRISH BO‘YICHA SUD QARORI CHIQARILGANDA FOIZ VA
personmaftuna 01-05-24, 10:48O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-914-son, 27.02.2024 y.) ayrim qonun hujjatlarga...
DAVLAT XIZMATCHISI TADBIRKOR YOKI UNING MUASSISI BO‘LISHI
personmaftuna 20-10-24, 14:53(O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-788-son Qonuni 13-moddasida Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq...
KREDIT SHARTNOMASI
personmaftuna 18-03-24, 01:36Kredit shartnomasi bo‘yicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga)...