RADARLAR HAQIDA HAMMASI: MUHIM 10 SAVOLGA JAVOB
Bugungi kunimizni avtomobillarsiz tasavvur qila olmaymiz. Uni boshqarish chog‘ida bilib-bilmay yo‘l harakati qoidalarini buzib, radarlarga tushib qolish ham uchrab turadi. Buning oqibatida esa pochtachi uyimizga jarima solish to‘g‘risidagi qarorni darrov yetkazadi. Attang, muammo ustiga yana bir muammo. To‘xtangchi, o‘zi bu jarima qonuniymikan?!
Hudud24.uz kolumnisti Ne’matullo Zamonovning ushbu maqolasida radarlar orqali qaysi holatlarda jarima chiqarilishi mumkinligi, radarlarga qo‘yilgan texnik talablar, noqonuniy jarimalarni bekor qilish yo‘llari va boshqa shunga o‘xshash dolzarb savollarga sodda talqinda javob yoziladi.
1. Qanday radar turlari mavjud?
Radarlarni shartli ravishda muayyan guruhlarga bo‘lib olamiz. Sababi hamma radarlar ham bir xil tartibda qoidabuzarlikni qayd etmaydi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositasi – asosan chorrahalarda, yo‘l bo‘yida metall ustunlarga o‘rnatilib, avtomobillarning davlat raqami belgilarini aniqlaydi.
Mobil kompleks – Odatda «Nexia III» yoki «Cobalt»larga o‘rnatiladi. Multiradarlar mobil kompleks hisoblanadi.
Ko‘chma fotoradar – Xalq tilida «uchoyoq radar» deyiladi.
2. Multiradarda aniqlangan qoidabuzarlik o‘sha joyning o‘zida haydovchiga ma’lum qilinishi kerakmi?
Nizomga ko‘ra, bu holatda yo‘l patrul xizmati xodimi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilmaslik va huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarishga haqli.
Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda Nizomning 37-bandida shunday deyilgan: «MJtKning 3091-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilmasdan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqariladi. Bunda huquqbuzarlikni takroriyligi inobatga olinmaydi.
Jarima solish to‘g‘risidagi qaror maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, yuridik kuchga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi hamda ushbu hujjatni tuzgan vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi».
3. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali jarima rasmiylashtirilishida ham haydovchiga qoidabuzarlik darhol ma’lum qilinishi kerakmi?
Yo‘q. «Uchoyoq» va multiradarlar vositasida ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgan taqdirdagina haydovchi o‘sha joyning o‘zida bu haqda xabardor qilinadi. Ushbu tartib maxsus avtomatlashtirilgan texnika vositalari bilan qoidabuzarlik qayd etilishiga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunda haydovchining ishtirokisiz jarima solish to‘g‘risida qaror chiqariladi. Bayonnoma ham rasmiylashtirilmaydi.
Jarima solish to‘g‘risidagi qaror huquqbuzarga 3 kun ichida pochta orqali yetkaziladi.
4. «Nexia III» ga o‘rnatiladigan multiradarlar harakatlangan holda huquqbuzarlikni qayd etib o‘tishi mumkinmi?
Mumkin. Nizom talabiga ko‘ra, multiradarlardan foydalanish DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan dislokatsiya doirasida amalga oshiriladi. Ya’ni belgilangan hudud ichida multiradarlar orqali jarima chiqarsa bo‘laveradi. Demak, ko‘rsatilgan dislokatsiya doirasida qoidabuzarliklarni multiradar orqali harakatlanib turib ham aniqlash mumkin.
5. Radarlar simyog‘ochga o‘rnatilishi qonuniymi?
Texnik talablarga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari avtomobil yo‘lining qatnov qismiga xalaqit bermaydigan holda, o‘ng yoki chap yo‘nalishga «I», «G», «T» yoki «P» shakldagi metall ustunga o‘rnatiladi. Simyog‘och, daraxt va boshqa narsalarga o‘rnatish mumkin emas.
Shuningdek, radar shu metall ustunga yerdan kamida 6 metr balandlikda o‘rnatilishi zarur.
6. Tadbirkorlar tomonidan o‘rnatiladigan radarlar qanchagacha bo‘lgan tezlikni aniqlay oladi?
Qonunchilikda keltirilgan texnik talabga muvofiq, bunday radarlar 5 — 250 km/h tezlik oralig‘ida harakatlanayotgan transport vositalarining tezligi va davlat raqami belgisini aniqlashi mumkin. Bu degani 250 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanganda radarlar avtomobil tezligini qayd etish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bunday tezlikda harakatlanishda qoidabuzarlik emas o‘lim qayd etilishi ehtimoli yuqori).
7. To‘xtash va to‘xtab turish yo‘l harakati qoidabuzarliklarini radarlar orqali qayd etishda qanday talablar mavjud?
To‘xtash va to‘xtab turish qoidabuzarligini aniqlashda radarlar bir emas ikki turdagi fotoni qayd etishi talab etiladi. Qolaversa, ular ikki xil vaqtda olinishi kerak.
Masalan, haydovchi to‘xtash taqiqlangan joyda avtomobilni to‘xtatib, qoidabuzarlik sodir etdi. Bunda radar quyidagi ikki xil turdagi fotosuratni ikki xil vaqt oralig‘ida qayd etishi zarur:
1-rasm: qoidabuzarlik sodir etilgan holat va uning vaqti aks ettiriladi;
2-rasm: 1 daqiqadan so‘ng o‘sha holat qayta suratga olinib, unda xuddi shu avtomobilning raqami kattalashtirilgan holda bo‘ladi.
Shunga o‘xshab to‘xtab turish qoidasi buzilganda ham radarlar orqali jarima chiqarilishida ikki xil foto ikki xil vaqt oralig‘ida olinmog‘i lozim. Ya’ni to‘xtab turish qoidasini buzgan vaqtdagi avtomobil surati hamda oradan 10 daqiqa o‘tgach yana bitta shu holat aks etgan foto.
Yuqoridagi rasmlar ilova qilmay chiqarilgan jarima solish to‘g‘risidagi qaror haqiqiy hisoblanmaydi.
8. Tadbirkorlar qanday qilib radarlarni o‘rnatishi mumkin?
Tadbirkorlar tomonidan radar o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan joylar «e-auksion» platformasida tanlovga qo‘yiladi. Onlayn auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti radarni o‘rnatish huquqiga ega bo‘ladi. Shundan so‘ng tadbirkor nizomda belgilagan idoralar bilan kelishishi, hujjatlalashtirish ishlarini amalga oshiradi.
(Batafsil bu yerda tanishing)
Tadbirkorlik sub’ekti radarni o‘rnatgach dastlabki ikki yilda radar qayd etgan jarimalarning 50% ini olishga haqli. Ikki yildan keyin esa jarimalarning 25% qismiga egalik qilishi mumkin. Qolaversa, radar unga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lganligi tufayli uni boshqa odamga sotishi ham mumkin bo‘ladi.
9. Radarlar orqali chiqarilgan jarimani bekor qilish uchun qaerga murojaat qilsa bo‘ladi?
Radarlar orqali chiqarilgan jarimani qonunga xilof deb hisoblasangiz hududingizdagi jinoyat sudiga ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.
10. Jarimani bekor qilish yuzasidan sudga ariza berilganda qancha davlat boji to‘lanadi?
MJtKning 315-moddasiga asosan ushbu holatda jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror yuzasidan shikoyat qilsangiz, davlat boji to‘lamaysiz.
MUHIM!: MJtKning 332-1-moddasiga ko‘ra, jarima solish to‘g‘risidagi qaror huquqbuzarga topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida u jarima miqdorining ellik foizini yoki o‘ttiz kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi. Jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa shaxs mazkur chegirmadan mahrum bo‘ladi.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.
Boshqa maqolalar
MA’MURIY SUDLARDA DAVLAT BOJINI OLDINDAN UNDIRISH BEKOR
personmaftuna 21-03-24, 18:48Prezident tomonidan 16.01.2024-yildagi “Davlat boji toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga ma’muriy sudlarga...
JAMOAT JOYLARIDA SPIRTLI ICHIMLIK ICHGANLIK UCHUN
personmaftuna 20-10-24, 14:00MJtK ning 187-moddasiga ko‘ra, ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, jamoat...
QUROLNI IXTIYORIY TOPSHIRGAN SHAXS MA’MURIY JAVOBGARLIKDAN
personmaftuna 29-09-24, 20:16O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 27.08.2024-yildagi «Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi...