SUDGA YOKI TERGOVGA CHAQIRUV, MAJBURIY KELTIRISH: MUHIM 5 SAVOLGA JAVOB
Jinoyat ishini yuritish munosabati bilan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan belgilangan tartibda chaqirilgan shaxslar aynan ko‘rsatilgan vaqtda hozir bo‘lishlari shart.
1. Shaxs tergovga qanday chaqirilishi kerak?
Guvoh, jabrlanuvchi, shuningdek ozodlikda yurgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga va sudga chaqiruv qog‘ozi bilan chaqiriladi.
Chaqiruv qog‘ozi pochta orqali jo‘natiladi yoki chopar orqali topshiriladi. Chaqiruv telefonogramma, telegramma, radiogramma bilan yoki telefaks orqali ham bo‘lishi mumkin.
2. Chaqiruv qog‘ozida nimalar aks etadi?
Chaqiruv qog‘ozida shaxs kim sifatida, qaysi manzilga va kimning huzuriga chaqirilayotganligi, qaysi kunda va qaysi soatga kelishi kerakligi, shuningdek uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmay qolgan taqdirda qanday oqibatlar ro‘y berishi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Chaqiruv qog‘ozi chaqiriluvchiga topshirilib, tilxat olinadi. Chaqiruv qog‘ozi olib borilganda chaqiriluvchi vaqtincha yo‘q bo‘lsa, unga berib qo‘yish uchun chaqiruv qog‘ozi u bilan birga yashovchi voyaga yetgan oila a’zolaridan biriga, yotoqxona ma’muriyatiga, uy egasiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakiliga topshirilib, tilxat olinadi.
Qamoqda saqlash joylarida, reabilitatsiya markazlarida, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar so‘roq qilish uchun mazkur joylar va muassasalarning ma’muriyati orqali chaqirtiriladi.
3. Chaqiruv qog‘ozi bo‘yicha borish majburiymi?
Jinoyat ishini yuritish munosabati bilan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan belgilangan tartibda chaqirilgan shaxslar aynan ko‘rsatilgan vaqtda hozir bo‘lishlari shart.
Uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmaganlari taqdirda ular majburiy keltiriladilar.
4. Majburiy keltirish nima?
Majburiy keltirish gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining, jabrlanuvchining, guvohning protsessual harakatlarda yoki sud majlisida ishtirok etishini ta’minlash uchun, basharti ular uzrsiz sabablarga ko‘ra kelishdan bosh tortganligi aniqlangan taqdirda qo‘llaniladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchini oldindan chaqiruvsiz majburiy keltirish ular surishtiruv, dastlabki tergov va suddan yashirinib yurgan yoki aniq yashash joyi bo‘lmagan taqdirda qo‘llanilishi mumkin.
Sudlanuvchining sudga kelmaganligi sababini oldindan aniqlamasdan turib, majburiy keltirishga alohida hollarda, ishni ko‘rish sudlanuvchi bo‘lmaganligi sababli keyinga qoldirilayotgan va bunda uning turgan joyi to‘g‘risida ma’lumot bo‘lmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Guvohga yoki jabrlanuvchiga nisbatan majburiy keltirishning qo‘llanilgani ularni ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik uchun belgilangan javobgarlikdan ozod qilmaydi.
5. Majburiy keltirish qanday hujjat asosida amalga oshiriladi?
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror majburiy keltirish to‘g‘risida qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Ushbu qarorda yoki ajrimda: majburiy keltirilishi kerak bo‘lgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi; uning protsessual mavqei; yashash yoki ish joyi; majburiy keltirish uchun asoslar; shaxsni qaerga va qachon olib kelish kerakligi; majburiy keltirish kimga topshirilganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
M. SADIKOVA,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.
Boshqa maqolalar
“YANGI AVLOD” MAXSUS SANOAT ZONASI TASHKIL ETILADI
personmaftuna 27-05-24, 02:17“Toshkent shahrida “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini tashkil etish to'g'risida”gi Prezident Qarori (PQ-138-son,...
JAMOAVIY MEHNAT NIZOLARINI TARTIBGA SOLISH BO‘YICHA DAVLAT
personmaftuna 25-09-24, 00:52O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat...
YAQIN QARINDOSHLAR BIR JOYDA ISHLASHI MUMKINMI?
personmaftuna 01-05-24, 13:47Qonunchilikka koʻra, oʻzaro yaqin qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslarning (ota-ona, aka-ukalar,...