Kuzatuvchi » Siyosiy » JAMOAT JOYIDA QILISH TAQIQLANGAN 7 TA ASOSIY HARAKAT HAQIDA BATAFSIL

JAMOAT JOYIDA QILISH TAQIQLANGAN 7 TA ASOSIY HARAKAT HAQIDA BATAFSIL

Shunday harakatlar borki, bizga arzimas va odatiy tuyulsa ham ularni ko‘chada (yoki ijtimoiy obyektlarda) qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolada Hudud24.uz sayti kolumnisti Murodjon Najmiddinov shunday harakatlar va ular uchun javobgarlik to‘g‘risida so‘z yuritadi.

1. Niqobsiz yurish

MJTKning 54-moddasiga (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BMH) 5 baravarigacha jarima belgilangan.

2. Niqobda yurish

Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz. Ko‘chada niqobda yurish ham, niqobsiz yurish ham javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Qanday holatda nima mumkin-u, nima mumkin emasligini ko‘rib chiqamiz.

1-holat. Hali hech kim unutib ulgurmagan misol – koronavirus kasalligi tarqalishini oldini olish maqsadida karantin joriy etilganda aholiga jamoat joylarida niqobda yurish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi. Bu ko‘rsatmaga rioya etmagan kishilar aynan shu modda bilan javobgarlikka tortilgan.

2-holat. Karantin e’lon qilinmagan va kishida hech qanday tibbiy ko‘rsatma bo‘lmagan holda niqob (hattoki, u tibbiy niqob bo‘lsa ham) taqib yurishi. Bu vaziyatda kishi ko‘chada shaxsini tanib bo‘lmaydigan holatda yurganligi uchun MJTKning 1844-moddasi (jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish) bilan javobgarlikka tortiladi.

Bu moddaga asosan jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lish BMHning 15 baravarigacha jarimaga tortishsa sabab bo‘ladi.

Ammo har doim ham emas. Agar kishi quyidagi asoslarga ko‘ra yuzini berkitib yurgan bo‘lsa, javobgarlikka tortilmaydi:

tibbiy ko‘rsatma bo‘lsa (masalan, tibbiy niqob uchun va boshqa);

yo‘l-transport harakatida xavfsizlikni ta’minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda (moto-shlem) bo‘lsa;

mehnat/xizmat vazifasi bo‘yicha bo‘lsa (masalan, tez yordam, o‘t o‘chirish yoki dizenfeksiya xizmati);

sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini to‘sgan holda bo‘lishi;

qonunchilikda aynan ko‘rsatilgan boshqa holatlarda.

3. Chekish

MJTKning 561-moddasiga (jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish) ko‘ra, ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish BMHning uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalarda chekish uchun javobgarlik qo‘llanilmaydi.

4. Alkogol mahsulotini iste’mol qilish

MJTKning 187-moddasiga (jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) ko‘ra, ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish BMHning ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar bu ish bir yil ichida takrorlansa, kishini BMHning 2 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha qamoq kutib turadi.

Ammo aytish kerakki, quyidagi joylarda ichilganda javobgarlik qo‘llanilmaydi:

to‘ylar, yubileylar hamda boshqa tantanalar va marosimlar o‘tkaziladigan joylar;

alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlari.

 5. Mayda bezorilik

MJTKning 183-moddasiga (mayda bezorilik) ko‘ra, jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik BMHning 5 baravarigacha jarimaga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Aytish kerakki, ushbu moddani qo‘llanish doirasi juda-juda keng. Ko‘chada turgan haykalga gapirishdan tortish, o‘pishishgacha bu modda bilan javobgarlikka tortilish mumkin.

6. Ko‘chada pichoq/otverka ko‘tarib yurish

MJTKning 183-moddasiga (sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) ko‘ra, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish BMHning 1 baravarigacha jarimaga sabab bo‘ladi.

Bu hali hammasi emas. Agar bunday ashyolarni o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida olib yursa, BMHning 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

7. Tilanchilik qilish

MJTKning 1883-moddasiga (tilanchilik qilish) ko‘ra, jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish BMHning 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Ushbu modda bo‘yicha aeroport, vokzal, xiyobon, istirohat bog‘i, bozor va savdo majmuasi hududi, shuningdek ularga tutash hududlar, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari, ko‘chalar, stadionlar, bekatlar, yo‘llarning qatnov qismi, moddiy madaniy meros ob’ektlari, jamoat transportining barcha turlarida jamoat joylari hisoblanadi.

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

 

Boshqa maqolalar

BARCHA MUHANDISLIK YO'NALISHI TALABALARIGA GRANT AJRATILADI

personmaftuna 25-06-24, 19:55
0 BARCHA MUHANDISLIK YO'NALISHI TALABALARIGA GRANT AJRATILADI

Barchamizga ma'lumki, hozirda davlatimiz rahbari tomonidan muhandislik ta'lim yo'nalishlariga juda katta e'tibor...

YOSHLAR ISHLARI AGENTLIGI VAZIRLAR MAHKAMASI TASARRUFIGA

personmaftuna 21-03-24, 11:37
0 YOSHLAR ISHLARI AGENTLIGI VAZIRLAR MAHKAMASI TASARRUFIGA OʻTKAZILDI

Prezidentning 20.01.2024-yildagi PF-18-sonli «Yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini...

SOLIQ TO‘LOVCHILARNING HUQUQLARI

personmaftuna 19-03-24, 00:50
0 SOLIQ TO‘LOVCHILARNING HUQUQLARI

Soliq to‘lovchilar quyidagi huquqlarga ega: soliq organlaridan va boshqa vakolatli organlardan (ularning vakolatlari...

menu
menu