TIL BILISH – JAHONGA YO‘L DEMAKDIR
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarni ilmli, hunarli qilib kamolga yetkazish yuzasidan samarali tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, o‘rta maxsus ta’lim tizimi xodimlari malakali mutaxassislar tayyorlash ishiga munosib ulush qo‘shishyapti. Jumladan, bugun birgina viloyat markazidagi 1-kasb-hunar maktabida 474 nafar o‘g‘il-qiz kompyuter grafikasi, bank nazoratchisi, dizayn operatori, tikuvchilik, elektrik, payvandlovchi, sartarosh ( modelyer) kabi yo‘nalishlarda qunt bilan saboq olishayotir. O‘z ishining ustalari hisoblangan Sayyora Bekchanova, Sardor Rahimboyev, Nilufar G‘ofurovalar ularga namunali ilm o‘rgatish bilan birga, tanlagan kasblari haqida ko‘nikma hosil qilyaptilar.
- Jamoamizda o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan, yoshlarimizning ertasi uchun jon kuydirayotgan pedagoglar ko‘p,- deydi maktabning o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zulxumor Quramboyeva. – Asli turkman qizi bo‘lgan Nive Oshirquliyeva ana shularning biri. Uning garchi, safimizga qo‘shilganiga endigina bir yildan oshgan bo‘lsada, allaqachon o‘rnini topgan. Ustozlarning ishonchini, shogirdlarning hurmatini qozonyapti.
Darvoqe, yosh mutaxassis 2022-yilda Urganch davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, mazkur hunar maskanida ilk mehnat faoliyatini boshlagan. Endilikda o‘quvchilarga rus tili va adabiyoti fanidan bilim berish bilan birga II bosqich bank nazoratchisi guruhiga rahbarlik qilmoqda. Guruhidagi 26 nafar o‘g‘il-qizning barchasi ilmga ishtiyoqmand, egallagan sohalariga qiziquvchan, intizomli, faol yoshlardir. N.Oshirquliyeva ayniqsa, Sarvinoz Yo‘ldoshboyeva, Sherzod Baxtiyorov, Hulkaroy Ro‘zmetova, Dinora Bekchanova singari o‘quvchilari nomlarini faxr bilan tilga oladi. Asadbek Komilov hamda Asadbek Yo‘ldoshevlarning esa akademik litsey va professional ta’lim muassasalarining o‘quvchi yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Barkamol avlod-2024” sport musobaqasining belbog‘li kurash turi bo‘yicha viloyat birinchiligida birinchi hamda ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi viloyat hududiy boshqarmasining I hamda II darajali diplomlari bilan taqdirlanganliklarini quvona-quvona bayon qiladi.
Ulug‘ rus adibi B.Belinskiy rus tiliga dunyodagi eng boy tillarning biri deb ta’rif bergan edi. Haqiqatan ham bugun yurtimiz jahonga tanilayotgan paytda xorijiy tillarni bilish nihoyatda muhimdir. Shu ma’noda yosh, intiluvchan muallima Nive Oshirquliyeva farzandlarimizga rus tilini o‘rgatishda astoydil jon kuydirmoqda. “Ana shu xizmatim bilan ikkinchi ona vatanim taraqqiyotiga hissa qo‘sholsam o‘zimni baxtiyor hisoblardim” deydi qahramonimiz.
Hurjonoy BEKNIYOZOVA,
“Xorazm ma’rifati” ning jamoatchi muxbiri.
Boshqa maqolalar
“ҚЎҚОН” ЭИЗ ҲУДУДИ КЕНГАЙТИРИЛАДИ
personmaftuna 31-07-24, 02:44“Қўқон” эркин иқтисодий зонасининг ҳудудини кенгайтириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги Президент Қарори (ПҚ-250-сон,...
TIL BILISH – JAHONGA YO‘L DEMAKDIR
personmaftuna 30-10-24, 13:50Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarni ilmli, hunarli qilib kamolga...
ISHONCHNOMASIZ OTAMNING AVTOMASHINASINI BOSHQARSAM
personmaftuna 30-09-24, 21:53O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish...