ISHXONAMIZDA XODIMLARNING ISH HAQIDAN USHLAB QOLISH HOLATLARI TEZ-TEZ TAKRORLANMOQDA. BU QANCHALIK ASOSLI?
Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasi mehnat munosabatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unga ko‘ra har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi.
Shunday ekan, har bir shaxs o‘z mehnatiga yarasha ish haqi olishga haqli hisoblanadi. Xodimning ish haqidan ushlab qolishga faqatgina qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra, umumiy qoidaga ko‘ra, xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda esa, — sudning qaroriga asosan mehnat haqidan ushlab qolinishi mumkin.
Quyidagi hollarda xodimning roziligidan qat’i nazar, mehnat haqidan ushlab qolinadi:
1) soliqlar va yig‘imlarni undirish uchun;
2)“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi belgilangan sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun;
3) ish haqi hisobiga berilgan bo‘nakni ushlab qolish uchun, boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tganligi munosabati bilan xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga berilgan, sarflanmagan va o‘z vaqtida qaytarilmagan bo‘nakni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar oqibatida ortiqcha to‘langan summalarni qaytarib olish uchun. Bunday hollarda ish beruvchi bo‘nakni qaytarish, qarzdorlikni to‘lash uchun belgilangan muddat tamom bo‘lgan kundan yoki to‘lov noto‘g‘ri hisoblab chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ushlab qolish haqida buyruq chiqarishga haqli. Agar bu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa yoki xodim bo‘nakni to‘lash uchun ushlab qolish asoslariga yoxud miqdoriga e’tiroz bildirayotgan bo‘lsa, qarzni to‘lash sud tartibida amalga oshiriladi;
4) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan oshmasa;
5) qonunchilik talablariga ko‘ra belgilangan jarimani undirish uchun;
6) xodim qaysi ish yili hisobiga ta’til olib bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda ta’tilning ishlab berilmagan kunlari uchun;
7) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Xodimga ortiqcha to‘langan ish haqi (shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar noto‘g‘ri qo‘llanilganda) undan undirilishi mumkin emas, bundan quyidagi hollar mustasno:
hisoblashdagi xatolik;
agar yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organ tomonidan xodimning mehnat normalarini bajarmaganlikdagi aybi e’tirof etilgan bo‘lsa;
xodimning sud tomonidan belgilangan g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) sababli xodimga ortiqcha ish haqi to‘langan bo‘lsa.
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq soliq solinmaydigan to‘lovlardan ushlab qolishlar amalga oshirilishi mumkin emas.
Har bir to‘lov chog‘ida ish haqidan ushlab qolingan mablag‘larning umumiy summasi xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining ellik foizidan oshishi mumkin emas.
Biroq ushbu cheklov aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek axloq tuzatish ishlari tarzida jazo tayinlangan xodimning ish haqini ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda jazodan va aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikdan ushlab qolish miqdori xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining yetmish foizidan oshishi mumkin emas.
Tursunboy URAZBAYEV,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.
Boshqa maqolalar
QANDAY HOLLARDA XODIMNI ISHDAN CHETLASHTIRISH MUMKIN? MUHIM
personmaftuna 29-06-24, 06:57Xodim ishdan chetlashtirilganida uning ish haqi saqlanmaydi, biroq qonunchilikda ayrim istisno holatlar mavjud. Xizmat...
TO‘LIQSIZ ISH VAQTI TUSHUNCHASI VA TURLARI
personmaftuna 08-12-24, 13:58Ish vaqti tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasida belgilab qo‘yilgan. Ish vaqti — xodim...
SOGʻLIQNI SAQLASH TIZIMINI RAQAMLASHTIRISH JADALLASHTIRILADI
personmaftuna 08-02-24, 09:58Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28.12.2023-yildagi «Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishni...