MA’MURIY JAZONI QO‘LLASH, ENG YENGIL JAZONI QO‘LLASH ASOSLARI: MUHIM 6 SAVOLGA JAVOB
Sud tegishli huquqbuzarlik uchun belgilangan eng kam jazodan ham kamroq jazo yoki o‘sha huquqbuzarlik uchun belgilanmagan boshqa yanada yengil jazo chorasini qo‘llashi mumkin.
1. Ma’muriy javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar qaysilar?
Ma’muriy jazoni qo‘llashda sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyati, huquqbuzarning shaxsi, uning aybdorlik darajasi, mulkiy ahvoli, javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar hisobga olinadi.
Ma’muriy javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar quyidagilardan iborat:
aybdorning o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lishi;
aybdorning huquqbuzarlikning zararli oqibatlari oldini olishi, yetkazilgan ziyonni ixtiyoriy ravishda to‘lashi yoki keltirilgan zararni bartaraf qilishi;
huquqbuzarlikning kuchli ruhiy hayajon ta’siri ostida yoki og‘ir shaxsiy, oilaviy yoxud boshqa sharoitlar yuzaga kelganligi oqibatida sodir etilishi;
huquqbuzarlikning tahdid yoki majburlov ta’sirida yoxud xizmat yuzasidan, moddiy yoki boshqa jihatdan qaramligi ta’siri ostida sodir etilishi;
huquqbuzarlikning voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilishi;
huquqbuzarlikning homilador ayol yoki o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxs tomonidan sodir etilishi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) boshqa holatlarni ham javobgarlikni yengillashtiruvchi holat deb topishi mumkin.
2. Ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar nimalardan iborat?
Ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar quyidagilardan iborat:
noqonuniy harakatlarni to‘xtatish vakolati bor shaxslar tomonidan qo‘yilgan talabga qaramay, bunday harakatlarni davom ettirish;
ma’muriy jazoga tortilgan shaxsning bir yilda yana o‘sha xildagi huquqbuzarlikni sodir etishi, xuddi shuningdek huquqbuzarlikning ilgari sudlangan shaxs tomonidan sodir etilishi;
voyaga yetmagan shaxsni huquqbuzarlikka tortish;
huquqbuzarlikning bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi;
huquqbuzarlikning tabiiy ofat sharoitida yoki boshqa favqulodda holatlarda sodir etilishi;
huquqbuzarlikning mast holda sodir etilishi.
3. Yengilroq ma’muriy jazo chorasini qo‘llash uchun qanday asoslar zarur?
Sud tegishli huquqbuzarlik uchun belgilangan eng kam jazodan ham kamroq jazo yoki boshqa yanada yengil jazo chorasini qo‘llashi mumkin.
Bunda sud ma’muriy jazo chorasini qo‘llayotganda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni va huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olgan holda sabablar va asoslarni albatta ko‘rsatib o‘tishi shart.
Suddan boshqa organ (mansabdor shaxs) esa javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni va huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olgan holda, yengilroq ma’muriy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun ishni sudga yuboradi.
4. Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganda javobgarlik masalasi qanday hal etiladi?
Ayni bir shaxs ikki yoki undan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganda, ma’muriy jazo har bir huquqbuzarlik uchun alohida-alohida qo‘llaniladi.
Shaxs bir necha ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganida, mazkur ishlar bir vaqtda ayni bir organ (mansabdor shaxs) tomonidan ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, bu shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan uzil-kesil jazo og‘irroq ma’muriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qo‘llaniladi.
Shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikka oid ishlar har xil organ tomonidan ko‘riladigan bo‘lsa, unga nisbatan jazo og‘irroq ma’muriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qo‘llaniladi.
5. Ma’muriy jazo qo‘llanish muddatlari
Ma’muriy qamoq muddati sutkalar bilan, maxsus huquqdan mahrum etish muddati esa – kunlar, oylar, yillar bilan hisoblanadi.
Ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa, huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan bo‘lsa-yu, lekin huquqbuzarning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bo‘lsa, yuqoridagi 1 yillik muddat o‘tib ketmagan bo‘lsa, jinoyat ishiga oid qaror qabul qilingan kundan bir oydan kechiktirmay ma’muriy jazo qo‘llanilishi mumkin.
Ma’muriy jazoga tortilgan shaxs shu jazoni o‘tash muddati tugagan kundan 1 yilda yangi ma’muriy huquqbuzarlik sodir etmasa, u ma’muriy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi.
6. Yetkazilgan zararni qoplash qanday hal etiladi?
Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashi shart.
Ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan mulkiy zarar BHMning 1 baravaridan (375 ming so‘m hozirda) ko‘p bo‘lmasa, jazo qo‘llayotgan organ aybdorga bu zararni qoplashi to‘g‘risidagi masalani ham hal etishga haqlidir, jinoyat ishlari bo‘yicha sud esa – bu masalani yetkazilgan zarar miqdoridan qat’i nazar hal qilaveradi.
Boshqa hollarda ma’muriy huquqbuzarlik natijasida yetkazilgan mulkiy zararni qoplash fuqarolik-huquqiy tartibida hal qilinadi.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.
Boshqa maqolalar
XODIMNING MALAKASI YETARLI BO‘LMAGANLIGI SABABLI MEHNAT
personmaftuna 25-06-24, 17:49Xodimning malakasi etarli bo’lmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi...
XODIM QANDAY HOLLARDA ISHDAN CHETLASHTIRILISHI MUMKIN?
personmaftuna 19-05-24, 18:01Ishdan chetlashtirish xodimni mehnat majburiyatlarini, qoida tariqasida, ish haqi saqlanmagan holda bajarishga...
MATEMATIKA FANI OʻQITUVCHISINI NAVBATDAGI ATTESTATSIYASI
personmaftuna 27-05-24, 02:14Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga 1-ilova “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus,...