XORIJGA CHIQISHGA CHEKLOVNI OLIB TASHLASH UCHUN QANCHA ALIMENT TO‘LASH KERAK?
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktabrdagi 808-son qarori bilan alimentlarni oldindan to‘lash va qarzdorning aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash tartibi tasdiqlangan.
Aliment to‘lovchilar voyaga yetmagan bolalari ta’minoti uchun alimentlarni ular 18 yoshga to‘lguniga qadar bo‘lgan davr uchun oldindan to‘lashga ruxsat beriladi. Shuningdek, voyaga yetmagan bolalar, er-xotinlar, sobiq er-xotinlar, yoki boshqa mehnatga layoqatsiz shaxslarga aliment to‘lovlari to‘lanishi kafolati sifatida ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish mumkin. Bunda garov qiymati BHM 250 baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Aliment oldindan to‘langanda, yoxud ularni to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov taqdim etilganda qarzdordan respublika tashqarisiga chiqishga vaqtincha cheklovlar olib tashlanadi va unga aliment oluvchi bilan ularni to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzmaslik imkoni beriladi. Eslatib o‘tamiz, doimiy yashash uchun yoki 3 oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganda kelishuv tuziladi.
To‘lovchida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmaganda alimentlarni oldindan to‘lash yoki ularni to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov taqdim etish mumkin. Ya’ni to‘lovchining chiqishiga cheklov belgilangan bo‘lsa, uni olib tashlash uchun avval qarzni so‘ndirish, keyin esa alimentni oldindan to‘lash yoki aliment to‘lash majburiyatlarini ta’minlash bo‘yicha garov taqdim etish masalasini hal qilish lozim.
Quyida ushbu tartib-taomillarni amalga oshirish haqida batafsil so‘z yuritamiz.
Ayni paytda «alimentchilarda» respublika tashqarisiga chiqishga cheklovni olib tashlashning 2 ta usuli mavjud.
Birinchisi. Aliment oluvchi bilan ularni to‘lash to‘g‘risida notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv tuzish. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda – sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish, u qarzdorga:
— alimentlarning pul bilan to‘lanadigan qat’iy summadagi miqdorini belgilash yo‘li bilan ularni bir yo‘la to‘lashiga;
— aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha muayyan mol-mulkni taqdim etishiga;
— aliment to‘lash majburiyatlarini boshqa usulda bajarishiga ruxsat berishi mumkin.
To‘lanadigan aliment miqdori va u to‘lanadigan muddat sud tomonidan belgilanadi.
Ikkinchisi. Ijro hujjatini ijro etish tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza bilan bevosita sudga murojaat qilib, u yerda kelgusida aliment to‘lash majburiyatlari masalasini hal etish. Bu holda o‘z tanloviga ko‘ra:
— kamida 5 yillik davr uchun alimentni oldindan pul bilan to‘lashi yoki aliment oluvchiga mol-mulk yoxud qimmatli ashyoni berishi mumkin. To‘lash davrlarini qarzdorning o‘zi tanlaydi, biroq oldindan to‘lanadigan alimentlar summasini davlat ijrochisi hisoblaydi;
— aliment to‘lash majburiyatlarini ta’minlash garovi sifatida o‘z mol-mulkini taqdim etishi mumkin.
Ishni sudda ko‘rishning birinchi tartibidan (birinchi usulda) farqli ravishda, bunday ariza qisqaroq muddatda – ariza qabul qilingan kundan e’tiboran 10 kundan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.
M. SADIKOVA,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.
Boshqa maqolalar
JAMOAT JOYIDA QILISH TAQIQLANGAN 7 TA ASOSIY HARAKAT HAQIDA
personmaftuna 11-12-24, 02:04Shunday harakatlar borki, bizga arzimas va odatiy tuyulsa ham ularni ko‘chada (yoki ijtimoiy obyektlarda) qilish...
XATLANGAN MOL-MULKNI REALIZATSIYA QILISHGA RUXSAT BERILDI
personmaftuna 31-01-24, 02:10Vazirlar Mahkamasining 20.01.2024-yildagi 39-son qarori bilan “Ijro hujjatlari boʻyicha х atlangan mol-mulkni...
МИЛЛИЙ МАЛАКА ТИЗИМИНИ РИВОЖЛАНТИРИШ ИНСТИТУТИ ТАШКИЛ
personmaftuna 14-12-24, 15:06“Ўзбекистон Республикаси миллий малака тизимини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги Президент Қарори...