FUQAROLIK ISHLARI BO‘YICHA SUD XARAJATLARI: MUHIM 6 SAVOLGA JAVOB
Sud taraflarning mulkiy ahvoliga qarab sud xarajatlarini to‘lashni kechiktirishga yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga yo‘l qo‘yishi, shuningdek bu xarajatlarning miqdorini kamaytirishi mumkin.
1. Sud xarajatlari, davo’ning bahosi qanday aniqlanadi?
Sud xarajatlari davlat boji va ishni ko‘rish bilan bog‘liq chiqimlardan iborat bo‘ladi.
Da’voning bahosi quyidagicha belgilanadi:
1) pul undirish bo‘yicha – undiriladigan summaga qarab;
2) mol-mulkni talab qilib olish bo‘yicha – talab qilinayotgan mol-mulkning qiymatiga qarab;
3) bir nechta mustaqil talab bo‘yicha – barcha talablarning umumiy summasiga qarab;
4) aliment bo‘yicha – bir yillik to‘lovlarning yig‘indisiga qarab;
5) muddatli to‘lovlar va pul berish bo‘yicha – to‘lovlarning yoki beriladigan pullarning yig‘indisiga, ko‘pi bilan 3 yillik yig‘indisiga qarab;
6) muddatsiz yoki umrbod to‘lovlar va pul berish bo‘yicha – to‘lovlarning yoki pullarning 3 yil ichidagi yig‘indisiga qarab;
7) to‘lovlarni yoki pul berishni kamaytirish yoxud ko‘paytirish bo‘yicha – to‘lovlar yoki beriladigan pullar kamaytiriladigan yoki ko‘paytiriladigan summaga, ko‘pi bilan 1 yillik summaga qarab;
8) to‘lovlarni yoki pul berishni to‘xtatish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha – qolgan to‘lovlar yoki pullar yig‘indisiga, lekin ko‘pi bilan bir yillik yig‘indisiga qarab;
9) mol-mulk ijarasi shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish haqidagi da’volar bo‘yicha – shartnoma amal qilishining qolgan muddatida to‘lanadigan to‘lovlarning yig‘indisiga;
10) xususiy mulk huquqi asosida fuqarolarga tegishli imoratlarga egalik huquqi bo‘yicha – imoratning bozor qiymatiga qarab.
2. Kimlar davlat bojidan ozod qilinadi?
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadigan shaxslar “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasida ko‘rsatilgan.
Ularning ayrimlari quyidagilar:
ish haqini undirish to‘g‘risidagi da’volar va mehnat huquqlari munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa talablar yuzasidan;
alimentlar undirish to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan;
mehnatda mayib bo‘lganligi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanganligi, shuningdek boquvchisi vafot etganligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan;
qonunga xilof ravishda hukm etganlik, jinoiy javobgarlikka tortganlik, ma’muriy jazo berganlik tufayli jismoniy shaxsga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bilan bog‘liq nizolar yuzasidan;
jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan;
3. Da’voning bahosi qanday belgilanadi?
Da’voning bahosi da’vogar tomonidan ko‘rsatiladi. Da’vogar ko‘rsatgan baho talab qilinayotgan mol-mulkning haqiqiy qiymatiga muvofiq emasligi yaqqol bo‘lsa, da’voning bahosini sudya belgilaydi.
Da’vo taqdim etilgan vaqtda uning bahosini belgilash qiyin bo‘lsa, davlat bojining miqdorini sudya dastlabki tarzda belgilaydi va keyinchalik ishni hal qilish chog‘ida sud belgilagan da’vo bahosiga muvofiq, davlat bojining to‘lanmagan qismi undiriladi yoki ortiqcha olingan qismi qaytariladi.
4. Sud xarajatlarini to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va ularning miqdorlarini kamaytirish mumkinmi?
Sud taraflarning mulkiy ahvoliga qarab, ulardan birining yoki ikkalasining davlat daromadiga undiriladigan sud xarajatlarini to‘lashni kechiktirishga yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga yo‘l qo‘yishi, shuningdek bu xarajatlarning miqdorini kamaytirishi mumkin.
5. Yo‘qotilgan vaqt uchun haq undirish nima?
Sud insofsizlik bilan asossiz talab arz qilgan yoki da’voga qarshi nizolashgan yoxud ishning to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda hal etilishiga muntazam qarshilik qilib kelgan taraf zimmasiga amalda yo‘qotilgan vaqt uchun ikkinchi taraf foydasiga haq to‘lash majburiyatini yuklatishi mumkin. Undiriladigan haq sud tomonidan oqilona miqdorda belgilanadi.
6. Sud xarajatlari taraflar o‘rtasida qanday taqsimlanadi?
Hal qiluv qarori qaysi tarafning foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, sud shu tarafga ikkinchi tarafdan, garchi bu taraf davlat daromadiga tushadigan sud xarajatlarini to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa-da, ish bo‘yicha qilingan hamma xarajatlarni undirib beradi.
Agar arz qilingan talablar qisman qanoatlantirilgan bo‘lsa, tegishli summalar javobgardan da’vogarga talablarning sud tomonidan qanoatlantirgan qismiga mutanosib ravishda, javobgarga esa da’vogar arz qilgan talablarning rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undirib beriladi.
Da’vogarning talablari u sudga murojaat qilganidan so‘ng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilganda sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.
Boshqa maqolalar
KAMBAG'ALLIKNI QISQARTIRISHDA TADBIRKORLAR BILAN O'ZARO
personmaftuna 27-05-24, 02:19Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O'RQ-923-son, 02.04.2024 y.) bilan Soliq kodeksiga qo'shimchalar kiritildi. Unga...
18 YOSHGACHA BO‘LGAN SHAXSLARNING MEHNATINI QO‘LLASH
personmaftuna 11-12-24, 02:2018 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini mehnat sharoiti zararli va (yoki) xavfli bo‘lgan ishlarda, yer osti...
BOLANING BOG’CHAGA BORMAGAN KUNLARI UCHUN TO’LOV QILINADIMI?
personmaftuna 02-05-24, 01:15Bolaning bogʻchaga ketma-ket 3 kundan ortiq kelmagan davri uchun toʻlangan toʻlovlar keyingi toʻlovlarni amalga...