ISSIQLIK TA’MINOTI UCHUN HAQ TO‘LASH: MUHIM 6 SAVOLGA JAVOB
Iste’molchi tariflar oshganda issiqlik ta’minoti xizmatlariga avans bilan to‘langan to‘lovlarga (to‘lov kunidan boshlab o‘n ikki oydan oshmaydigan davrga) qo‘shimcha to‘lovlar to‘lashdan ozod etiladi.
1. Tariflar qanday belgilanadi?
Jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlariga tariflar:
isitishga – isitish davrining har bir kuniga 1 kvadrat metr isitiladigan maydon uchun;
issiq suv ta’minotiga:
individual hisobga olish asboblari bo‘lmagan taqdirda – bir odamga bir oyda (so‘m/kishi/oy);
individual hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha, ular mavjud bo‘lganda, issiq suvning bir kub metri uchun (so‘m/kub.m) tasdiqlanadi.
2. Xizmat uylari uchun to‘lov tartibi qanday?
Uylarda, yotoqxonalarda, idoraviy turar joy fondi xonadonlarida yashovchi iste’molchilar issiqlik energiyasi uchun to‘lovni ushbu idoraning foydalanish organiga jismoniy shaxslar (aholi) uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘laydilar.
Bunda tasarrufida va balansida turar joy fondi bo‘lgan davlat korxonalari, muassasalar, tashkilotlar ularning idoraviy turar joy fondida yashovchi jismoniy shaxslarga issiqlik ta’minotining ko‘rsatilgan xizmatlari uchun yuridik shaxslar uchun tariflar bo‘yicha shartnoma tuzadilar va to‘lovni yetkazib beruvchiga to‘laydilar.
3. Issiq suvni individual hisobga olish asbobi bo‘lmaganda to‘lov qanday hisoblanadi?
Issiq suvni individual hisobga olish asbobiga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi (issiq suv) qiymatiga haq to‘lash issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun belgilangan tariflarga oshiruvchi koeffitsient qo‘llangan holda amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan fuqarolar bo‘lmagan turar joy xonadonlarida issiq suvni individual hisobga olish asboblari mavjud bo‘lmaganda:
issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun hisob-kitoblar bir xonali va ikki xonali turar joy binosidagi bir kishiga;
uch xonali turar joy binosidagi ikki kishiga;
to‘rt xonali turar joy binosidagi uch kishiga;
besh xonali turar joy binosidagi to‘rt kishiga hisobidan, issiq suv ta’minoti xizmatlariga belgilangan tariflarga oshiruvchi koeffitsient qo‘llangan holda qo‘llaniladi.
4. Uyda hech kim yashamasa ham to‘lov qilinadimi?
Uy-joy mulkdorlari yoki turar joyni ijaraga oluvchilar, istiqomat qilishidan va/yoki ro‘yxatda turishidan qat’i nazar, markaziy isitish uchun to‘lovlarni amalga oshirishi shart.
5. Tariflar o‘zgarganda shartnoma yangilanadimi?
Issiqlik energiyasi ta’minoti xizmatlariga tariflar o‘zgarganda, sanadan qat’i nazar, issiqlik ta’minoti shartnomasi kuchida qoladi va iste’molchi foydalanilgan issiqlik ta’minoti xizmatlariga ular joriy etilgan kundan boshlab yangi tariflar bo‘yicha haq to‘lashga majbur.
Bunda iste’molchi ushbu davrda tegishli tariflar oshgan taqdirda issiqlik ta’minoti xizmatlariga avans bilan to‘langan to‘lovlarga (to‘lov kunidan boshlab o‘n ikki oydan oshmaydigan davrga) qo‘shimcha to‘lovlar to‘lashdan ozod etiladi.
Iste’molchi tomonidan issiqlik ta’minoti xizmatlariga avans to‘langanda yetkazib beruvchi isitish va issiq suv ta’minotiga to‘lov paytida amalda bo‘lgan tariflar bo‘yicha to‘lov hisoblanadi (avans to‘lovlar muddatiga, biroq o‘n ikki oydan ortiqqa emas).
6. To‘lov o‘z vaqtida qilinmasa qanday choralar ko‘riladi?
Jismoniy shaxslar isitish davridagi tamom bo‘lgan oydan keyingi oyning o‘ninchi kunidan kechikmay to‘lovlarni amalga oshirishi kerak.
Issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun belgilangan muddatda to‘lovlar to‘lanmagan taqdirda muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun 0,1 foiz miqdorida penya to‘lanadi, biroq muddati o‘tkazib yuborilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda.
Iste’molchilar to‘lovlarni uch oydan ortiq to‘lamagan taqdirda ularga issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish to‘xtatiladi.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.
Boshqa maqolalar
QAYTA TIKLANUVCHI ENERGIYA MANBALARI QURILMALARINI
personmaftuna 22-01-24, 19:34Prezident 10.01.2024-yilda PQ-13-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining...
TENDER O‘TKAZISH BO‘YICHA XARID KOMISSIYASI HAQIDA
personmaftuna 28-06-24, 23:06O‘zbekiston Respublikasining Davlat xaridlari to‘g‘risida qonuni 12.03.2021-yil qonunining 65-moddasiga asosan. Davlat...
BILASIZMI?
personmaftuna 18-09-24, 19:50Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi chiqindi to‘plash shoxobchalaridan — 1 kunda bir...