Kuzatuvchi.uz / INTIZOMIY JAZO QO‘LLANGAN UNDA XODIMGA USTAMA TO‘LANMASLIGI NOQONUNIY AMALIYOT

INTIZOMIY JAZO QO‘LLANGAN UNDA XODIMGA USTAMA TO‘LANMASLIGI NOQONUNIY AMALIYOT

Aksariyat tashkilot va korxonalarda (men bilgan yuqori darajadagi vazirlik idoralarda ham) xodimga intizomiy jazo qo‘llansa, unga beriladigan barcha mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalardan mahrum qilishadi.

 

 Bu mehnat kodeksining 299-moddasiga zid

 

Mehnat kodeksining 299-moddasiga asosan ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin. 

Rag‘batlantirish turlari, ularni qo‘llash tartibi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki mehnat tartibi qoidalari hamda mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va mehnat shartnomasida belgilanadi. 

O‘ziga nisbatan intizom haqidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan xodimlarga nisbatan rag‘batlantirish turlari, ularni qo‘llash tartibi intizom to‘g‘risidagi tegishli ustavlar va nizomlarda belgilanadi.

Mazkur moddaning 4-qismida ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlari jumlasiga kirmaydi deb belgilangan.  Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida intizomiy javobgarlikka tortilgan xodimlarga mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan mukofotlarni to‘lash to‘g‘risidagi masala mukofotlash haqidagi tegishli nizomlarda hal qilinadi deyilgan. 

Qanday to‘lovlar rag‘batlantirish to‘lovi hisoblanadi unda? degan o‘rinli savol tug‘ilishi tabiiy. 

Moddaning 5-qismiga asosan intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi.  

Ya’ni tahlil yakunida shunday xulosa qilish mumkinki, xodim intizomiy jazo olgan davrida unga ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar to‘lanishi kerak. Ammo bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan to‘lanadigan to‘lovlar to‘lanishi mumkin emas.

 

Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik 

xizmat ko‘rsatish markazi. 

 

23-01-2024, 00:34
Saytga qaytish