Davlat tomonidan ta'minlanadigan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarining turlari kengaytiriladi "Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Prezident Qarori (PQ-88-son.) qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, 2024-yil 1-maygacha davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta'minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlari 18 tadan 30 taga kengaytiriladi.
2024-yil 1-maydan:
-protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag'lar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib o'rtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi;
-nogironligi bo'lgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik to'g'risidagi ma'lumotnoma asosida belgilanadi;
-nogironlik guruhiga ega bo'lmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi to'g'risidagi tibbiy xulosa "Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza" elektron axborot tizimida rasmiylashtiriladi.
2024-yil 1-maygacha Toshkent shahri va Samarqand viloyatida,
2024-yil 1-oktyabrgacha respublikaning boshqa barcha hududlarida muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida ta'minlash tartibi joriy etiladi.
J.OTAJONOV,
Urganch tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshligʻi.