Kuzatuvchi.uz / IXTISOSLASHTIRILGAN SPORT MAKTABLARI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TARTIBI BELGILANDI

IXTISOSLASHTIRILGAN SPORT MAKTABLARI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TARTIBI BELGILANDI

O‘zbekiston Respublikasining 20.08.2025-yildagi 524-sonli Hukumat qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. 

Nizom Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi ( Agentlik) tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablarining maqomi, asosiy vazifalari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, sport maktablarida sport turlari bo‘yicha 5 — 11-sinflarda ta’lim beriladi. 

Gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabiga talab va takliflardan kelib chiqib, 7 — 11 yoshdagi o‘quvchi-sportchilarni 1 — 4-sinflarga o‘qishga qabul qilishga ruxsat etiladi.

Ta’lim jarayoni o‘quvchi-sportchilar soni 12 - 24 nafargacha bo‘lgan sinflarda tashkil etiladi.

O‘quvchi-sportchilarning sport mahorati darajasini oshirish maqsadida qishki ta’tilda 15 kun, yozgi ta’tilda 45 kun, jami 60 kunlik  o‘quv-mashq yig‘inlari o‘tkaziladi.

Sport maktablarining 9-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi shahodatnoma, 11-sinf bitiruvchilariga tegishli sport turlari bo‘yicha diplom hamda trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun malaka sertifikati beriladi.

J.ABDUKARIMOV,

Urganch tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.

Вчера, 00:38
Saytga qaytish