“Respublikada kartoshka yetishtirishni ko'paytirish va urug'chiligini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori (269-son, 08.09.2025-y.) qabul qilindi. Qarorga ko'ra, respublikada kartoshka yetishtirishni ko'paytirish va urug'chiligini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko'rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi: 2028-yildan har yili unuvchanlik darajasi 85% dan past bo'lmagan kamida 10 mln dona kartoshkaning mini-tuganaklarini yetkazib berish; 2030-yilga borib respublikada kartoshkaning o'rtacha hosildorligini 16–17 tonnadan 25–30 tonnaga oshirish. Qishloq xo'jaligi vazirligi har yili 1-dekabrgacha keyingi yilda yetishtiriladigan kartoshkaning “in-vitro” o'simliklari, mikro va mini-tuganaklarining hajmlari bo'yicha ilmiy muassasalar va tadbirkorlarga buyurtma beradi. 2026-yil 1-yanvardan Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasi hisobidan tijorat banklari orqali kartoshka yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil qiymatining 50% igacha yillik 12% stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga sug'urta polisi asosida kreditlar ajratiladi. Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan kartoshka yetishtiruvchilar tomonidan quyosh panellari o'rnatish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 50 mln so'mdan ortiq bo'lmagan qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
D.AZAMATOVA,
Urganch tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.