“Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo'naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, 2025-2026-yillarda davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etishning asosiy yo'nalishlari belgilandi..
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda “El-yurt umidi” jamg'armasining doimiy hamkorligi asosida davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etiladi.
2026-yil 1-yanvardan:
- davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko'ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi;
- KPI natijalari Xodimlarning kasbiy kompetensiyalari rivojlanishini uzluksiz onlayn monitoring qilish tizimida yig'iladi va tahlil qilinadi;
2025-yil 1-avgustdan respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqatgina Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali o'tkaziladi.
- Iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash bo'yicha “TOP-100” dasturi joriy etiladi.
- Salohiyatli va istiqbolli rahbarlarning barqaror zaxirasini ta'minlash maqsadida Milliy kadrlar zaxirasi hamda Salohiyatli kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.
2025-yil 1-oktabrdan davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshiriladi.
2026-yil 1-yanvardan Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi.
2025-yil 1-sentabrdan davlat xizmatchilarining o'z ko'nikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular o'rtasida o'zaro muloqotni kuchaytirish bo'yicha “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi.
S.BERDIQILICHOV,
Urganch tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti.