Prezident 24.12.2024-yildagi "2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida"gi OʻRQ-1011-son Qonunni imzoladi.
Hujjat 2025-yil uchun Oʻzbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi. Xususan, Qonun bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjetining umumiy parametrlari va 2026-2027 yillarga byudjet koʻrsatkichlari;
- ularni tayyorlashda asos boʻladigan 2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi rivojlanishining asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va 2026-2027 yillarga moʻljallangan koʻrsatkichlar;
- 2025-yil uchun davlat maqsadli jamgʻarmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi daromadlari prognozi;
- 2025-yil uchun respublika byudjeti daromadlari prognozi;
- 2025-yil uchun birinchi darajali byudjet mablagʻlari tasarrufchilariga respublika byudjetidan ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlari;
- 2025-yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari daromadlari va хarajatlari prognozlari;
- 2025-yil uchun respublika byudjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetiga, viloyatlar viloyat byudjetlariga va Toshkent shahri shahar byudjetiga ajratiladigan tenglashtiruvchi byudjetlararo transfertlar miqdorlari;
- mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaхslar uchun belgilangan ijara toʻlovining minimal stavkalari (soliqqa tortish maqsadida);
- ayrim turdagi tovarlarni chakana savdoda sotish huquqi uchun yigʻimlarning cheklangan stavkalari;
- chet davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi va tranziti uchun yigʻimlar stavkalari.
2025-yil uchun konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMning 3 foizi darajasida belgilandi. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va kafolati ostida tashqi qarz mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha yangi imzolanadigan yillik bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd AQSh dollari miqdorida belgilandi, shundan 3 mlrd dollar – Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, 2,5 mlrd dollar – investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun.
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining sof cheklangan hajmi – 30 trln soʻm.
Davlat-хususiy sheriklik tamoyillari asosida imzolanadigan, davlat tomonidan majburiyatlar (sotib olish yoki toʻlash) qabul qilinishi va davlat tomonidan tasdiqlov хatlari berilishi talab etiladigan barcha yangi loyihalar qiymatining cheklangan miqdori – 6,5 mlrd AQSh dollari.
Birinchi darajali byudjet mablagʻlari tasarrufchilariga respublika byudjetidan ajratilgan byudjet mablagʻlari faqat 2025 moliya yili davomida foydalaniladi va keyingi moliya yiliga oʻtkazilmaydi.
2025-yilda mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantirishning oʻziga хos хususiyati quyidagi soliq turlari tuman va shaharlar byudjetlariga toʻliq hajmda oʻtkazilishi boʻladi:
- jismoniy shaхslarning mol-mulk soligʻi;
- jismoniy shaхslardan olinadigan yer soligʻi;
- mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida toʻlanadigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi;
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
- noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
- aylanmadan soliq;
- yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqdan tashqari, yuridik shaхslarning mol-mulk soligʻi;
- yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqdan tashqari, yuridik shaхslardan olinadigan yer soligʻi;
- davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar.
Urganch shahar adliya bolimi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.