Ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha da'vo ariza xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e'tiboran uch oy muddatda beriladi (MKning 560-moddasi). MKning 560-moddasida belgilangan muddat kasaba uyushmasi qo‘mitasi, davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari, adliya organlari va prokuror xodimning manfaatini ko‘zlab, taqdim qilgan da'volarga nisbatan ham tatbiq qilinadi.O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksining (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 10-moddasiga ko‘ra, fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshirilishi tufayli, da'vogarning sudga murojaat qilish muddatini o‘tkazib yuborganligi masalasi sud tomonidan bu haqda nizodagi taraf arz qilgandagina muhokama qilinishi mumkin (FK 153-moddasining ikkinchi qismi).
Bunda sudlarning e'tibori mazkur muddatni qo‘llash haqidagi ariza yozma berilishi yoki og‘zaki ravishda arz qilinishi mumkinligi, arizaning og‘zaki bildirilganligi sud majlisida muhokama qilinishi va bu haqida sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatilishi lozimligiga qaratilsin. Sud o‘z tashabbusiga ko‘ra sudga murojaat qilish muddati uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilganligi asosi bilan da'voni rad qilishga haqli emas.
A.SHARIPBOYEV,
Shovot tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.