Shu yilning yanvar-sentyabr oylarida 6 mingdan ortiq jismoniy shaxs ushbu dasturdan foydalandi.
Ma’lumki, 2023-yil 1-apreldan «Quyoshli xonadon» dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, shu yilning yanvar-sentyabr oylarida 6 mingdan ortiq jismoniy shaxs ushbu dasturdan foydalanib, elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun 8,9 milliard so‘m (8,9 million kVt/soat) davlat byudjetidan subsidiya oldi.
Subsidiyaning eng katta qismi quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda:
Xorazm viloyati — 2,1 mlrd so‘m;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 1,5 mlrd so‘m;
Toshkent shahri — 1,2 mlrd so‘m.
Subsidiyani «Soliq» mobil ilovasining «Keshbek» bo‘limidagi «Kartaga pul o‘tkazish» oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.
Tursunboy URAZBAYEV,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.