O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-185-sonli Qonuni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2025-yil 1-martdan boshlab Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona (ota)ga ijtimoiy shartnoma asosida bir nafar farzandi uchun bola(lar) uch yoshga to‘lguniga qadar maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim baravarigacha miqdorida moddiy yordam beriladi.
Bunda agar bolalar egizak bo‘lsa, moddiy yordam egizaklarning har biri uchun beriladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish shakllari bo‘yicha:
- oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat to‘liq oila bo‘lishi talabi bekor qilinadi hamda 30 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi;
- oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida e’tirof etiladi hamda ularga o‘z majburiyatlarini boshqa shaxslarga yuklashiga yoxud uchinchi shaxslarni jalb qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oilaga tarbiyaga (patronat) faqat ularning qarindoshlariga beriladi;
- tutingan (foster) oilada tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning yashash xarajatlari, shuningdek, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga bolani tarbiyalagani (parvarishlagani) uchun davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar tarbiyalanuvchilar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarini tamomlaguniga qadar saqlab qolinadi.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.