BOGʻCHALARDAGI OLIY MA’LUMOTLI TARBIYACHILAR OYLIGI OʻQITUVCHILAR OYLIGIGA TENGLASHTIRILADI
“Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–79-son, 26.05.2023-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2023/2024-oʻquv yilidan bosqichma-bosqich:
-maktablarning 1–4-sinflarida oʻquvchilarga boshlangʻich, 5–9-sinflarida tayanch hamda 10–11-sinf oʻquvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos oʻquv dasturlari va oʻquv-metodik majmualar joriy etiladi;
-baholashning yangi tartibi joriy etiladi. Bunda oʻquvchining oʻtilgan mavzuni amaliyotda qoʻllay olishi, tanqidiy fikrlash va tahlil koʻnikmalari baholanadi;
-boshlangʻich sinflarda informatika, oʻrta sinflarda esa moliyaviy savodxonlik darslari oʻtiladi;
-barcha fanlar boʻyicha amaliy mashgʻulotlar ulushi 60 foizga yetkaziladi.
2024-yil 1-yanvardan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan oʻqituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etiladi.
Bunda 2023 - 2024-oʻquv yilidan oʻqituvchilar stajyor-oʻqituvchi sifatida ishlaydi va 1 yilda sertifikat olishi talab etiladi.
2024-yil 1-yanvardan davlat bogʻcha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Bunda malaka toifasi uchun sinovlar 1 yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda oʻtkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi.
2024-yil 1-iyundan bogʻchalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilarning oyligi maktab oʻqituvchilari oyligiga tenglashtiriladi.
Rasulbek IBRAGIMOV,
Xorazm viloyati adliya boshqarmasi
bosh maslahatchisi.