Hukumat qaroriga muvofiq mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat oliy taʼlim muassasalariga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi belgilangan.
Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi boʻlgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tavsiyanomasiga ega boʻlishlari lozim.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
➖ oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi (kollej, texnikum diplomiga ega bo‘lishi);
➖ tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi (davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalarida o‘qimayotgan bo‘lishi kerak);
➖oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega boʻlishi.
Talabgorlar joriy yilning 1-iyuniga qadar (shu kuni ham) ariza bilan doimiy yashash yoki vaqtincha roʻyxatda turgan joyidagi tuman (shahar) Ishchi guruhlariga murojaat etadilar va quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
➖fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi;
➖mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan koʻchirma;
➖oʻrta-maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha diplom.
Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda 1-7-iyun kunlari koʻrib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qabul qilinadi.
2022-hamda 2023-yillarda tavsiyanoma olgan, biroq oliy taʼlim muassasalarida talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlarning tavsiyanomalari 2024-yilda ham amal qiladi.
Y.XO‘JAMURATOVA,
Yangiariq tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti.