Kuzatuvchi.uz / SAYLOVCHILARNING YAGONA ELEKTRON RO‘YXATI

SAYLOVCHILARNING YAGONA ELEKTRON RO‘YXATI

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursidir.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, shuningdek saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.

Saylov kodeksiga asosan, har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro‘yxatini olishi belgilangan.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘radi.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish bo‘yicha ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashadi.

Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari bo‘yicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.

Saylovchilarning ro‘yxati har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.

Saylov kuni saylov uchastkalarida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan olingan saylovchilar ro‘yxatlaridan foydalaniladi.

 

M.SODIQOVA,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

 

26-09-2024, 02:03
Saytga qaytish