O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.08.2024-yildagi PF-119-sonli Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Prezidentning 22.07.2024-yildagi PF-103-sonli Farmoniga muvofiq, paxta hosilini sotib olish va sotishning yangi tizimi shaffof, toʻlaqonli va adolatli ishlashini ta’minlash, paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarning manfaatdorligini oshirish boʻyicha Respublika shtabining taklifiga koʻra:
- Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kredit resurslari hisobidan paxta-toʻqimachilik klasterlari va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalarga fyuchers shartnomalari boʻyicha ortiqcha yetishtirilgan paxta xom ashyosini yigʻib olish uchun kreditlar ajratiladi;
- Kredit miqdori paxta xom ashyosi qiymatining 20 foizigacha, yillik 10 foiz stavkada (shundan bank marjasi – 2 foiz) 10 oy muddatga, shu jumladan uch oylik imtiyozli davr bilan, keyingi 7 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12.12.2023-yildagi "Qishloq xoʻjaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-205-sonli Farmoniga, Vazirlar Mahkamasining 25.12.2023-yildagi 680-sonli qarori bilan tasdiqlangan Paxta xom ashyosi yetishtirish va paxta yigʻim-terimi xarajatlarini hamda paxta xom ashyosini xarid qilishning yakuniy hisob-kitobini kreditlash toʻgʻrisidagi nizomga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.