Mehnat kodeksning 173-moddasiga asosan quyidagi asoslar bilan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda, ish beruvchi unga ishdan boʻshatish nafaqasini toʻlashga majbur:
mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilinganda; (Bundan shartnoma xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslar boʻyicha bekor qilingani mustasno).
xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilgani munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;
shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning avvalgi ishga tiklangani munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;
tashkilotni tugatish yoki ish beruvchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;
ishga qabul qilishga doir belgilangan qoidalarning buzilgani, agar yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlikni bartaraf etish imkoni boʻlmasa va u ishni davom ettirishga toʻsqinlik qilgani munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;
qonunchilikka muvofiq mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelgani munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;
xodim yangi mehnat shartlarida ishni davom ettirishni rad etganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;
xodim tibbiy xulosaga muvofiq sogʻligʻining holatiga koʻra oʻziga qarshi koʻrsatma boʻlmagan boshqa ishga oʻtkazishni rad etganligi yoxud ish beruvchida tegishli ish boʻlmagani munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;
xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joydagi ishga koʻchishni rad etganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda.
Nafaqa miqdori qancha?
Ishdan boʻshatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bogʻliq . Masalan:
uch yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan;
uch yildan besh yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan;
besh yildan oʻn yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining yuz foizidan;
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining bir yuz ellik foizidan;
oʻn besh yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining ikki yuz foizidan kam boʻlishi mumkin emas.
T. O‘RAZBOYEV,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.