Kuzatuvchi.uz / BILIB OLING

BILIB OLING

1. Xodimni taʼtildan chaqirib olish mumkinmi?

Xodimni har yilgi mehnat taʼtilidan faqat xodimning roziligi bilan chaqirib olish mumkin. Taʼtildan chaqirib olish taʼtilning istalgan vaqtida boʻlishi mumkin.

2. Xodim taʼtildan chaqirib olinganida taʼtilning qolgan qismidan qachon foydalanish mumkin?

Taʼtilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda beriladi yoki 14 kalendar kundan ortiq qismi keyingi ish yilida berilishi kerak.

3. Homilador ayollarni taʼtildan chaqirib olish mumkinmi?

Yoʻq, mumkin emas. Homilador ayollarni, 18 yoshga toʻlmagan xodimlarni va mehnat sharoitlari oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlarni, I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarni har yilgi mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.

4. Mehnat taʼtilidan chaqirib olish qanday rasmiylashtiriladi?

Xodim taʼtildan chaqirib olishga roziligi toʻgʻrisida alohida ariza yozishi kerak, taʼtildan chaqirib olish toʻgʻrisida esa alohida buyruq chiqariladi.

5. Xodimning roziligisiz taʼtildan chaqirib olish mumkinmi?

Yoʻq, mumkin emas. Taʼtildan chaqirib olishning asosiy shartlaridan biri bu – xodimning roziligi.

Taʼtildan xodimining roziliksiz chaqirib olish maʼmuriy javobgarlikka, yaʼni BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi mumkin.

6. Xodim oʻz tashabbusi bilan taʼtildan muddatidan oldin qaytishi mumkinmi?

Xodim oʻziga berilgan taʼtilni oʻz tashabbusi bilan toʻxtatib ishga qaytishi hech qanday huquqiy oqibatga olib kelmaydi. Yaʼni xodimga boshqa taʼtil berilmaydi, unga ishga kelgan kunlari uchun ish haqi hisoblanmaydi.

7. Xodim taʼtildan chaqirib olinsa unga berilgan taʼtil puli nima boʻladi?

Xodim taʼtildan chaqirib olinsa va taʼtilning qolgan qismi boshqa muddatga koʻchirilsa, taʼtilning koʻchirilgan kunlariga toʻgʻri keladigan toʻlangan oʻrtacha ish haqi summasi bajarilgan ish yoki ishlangan vaqt uchun oylik ish haqi hisobiga yoziladi.

Taʼtilning foydalanilmagan qismi kunlariga haq toʻlash uchun oʻrtacha ish haqi alohida hisoblab chiqiladi.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

28-06-2024, 12:06
Saytga qaytish