Kuzatuvchi.uz / DAVLAT MULKINI BOSHQARISH

DAVLAT MULKINI BOSHQARISH

Davlat mulki deb - Respublika mulkidan va ma’muriy-hududiy tuzilmalarning mulkidan (munitsipal mulk) iborat bo‘lgan ommaviy mulkka nisbatan aytiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 214-moddasiga asosan, yer, yer osti boyliklari, suv, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy boyliklar, davlat hokimiyati va boshqaruvi respublika organlarining mol-mulki, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan moddiy madaniy meros obyektlari, respublika budjetining mablag‘lari, oltin zaxirasi, davlatning valyuta fondi va boshqa fondlari respublika mulkidir, shuningdek korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, o‘quv, ilmiy, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari, intellektual faoliyat natijalari, basharti bular budjet yoki davlatning o‘zga mablag‘lari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan bo‘lsa, boshqa mol-mulk respublika mulki bo‘lishi mumkinligi belgilangan.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining  215-moddasida  davlat hokimiyati mahalliy organlarining mol-mulki, mahalliy budjet mablag‘lari, munitsipal uy-joy fondi va kommunal xo‘jalik, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, xalq ta’limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash muassasalari, shuningdek boshqa mol-mulk munitsipal mulk bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Agentlik (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi), maxsus vakolatli davlat organlari, davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari davlat mulkini boshqarish subyektlari hisoblanadi.

 

M.SODIQOVA,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

14-06-2024, 16:21
Saytga qaytish