Kuzatuvchi.uz / DAVLAT KOʻCHMAS MULK OBYEKTLARINI QANDAY SOTIB OLISH MUMKIN?

DAVLAT KOʻCHMAS MULK OBYEKTLARINI QANDAY SOTIB OLISH MUMKIN?

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining buyrugʻi bilan “Maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk ob’yektlarini jismoniy shaхslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan хususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 24.03.2024-yildagi PQ-102-sonli “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq maydoni 2000 metr kvadratgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk ob’yektlarini jismoniy shaхslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan хususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga “Davlat mulki” aхborot tizimi orqali chiqariladi.

Oʻrganish natijasiga koʻra, onlayn-buyurtmanomada keltirilgan davlat koʻchmas mulk obyektini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish quyidagi hollarda rad etiladi:

● davlat koʻchmas mulk obyekti boʻsh turgan boʻlmasa;

● davlat koʻchmas mulk obektning umumiy maydoni 2000 metr kvadrat va undan ortiq boʻlsa;

● davlat koʻchmas mulk obyekti ijtimoiy soha obyekti boʻlsa;

● davlat koʻchmas mulk obyekti хususiylashtirish dasturlariga va хususiylashtirilmaydigan obyektlar toifasiga kirgan boʻlsa;

● boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektiga nisbatan taqiq (cheklov) mavjud boʻlsa.

Bunda, besh ish kuni ichida boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini хususiylashtirishga tayyorlash boʻyicha komissiya tuziladi, ushbu komissiya tomonidan obyektda хatlov oʻtkazilib, dalolatnomalar rasmiylashtiriladi hamda tegishli hujjatlar Davaktiv agentligining hududiy boshqarmasiga taqdim etiladi.

Davaktiv agentligining hududiy boshqarmasi uch ish kuni ichida baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk ob’yektining baholanishini tashkil etadi.

Bunda, baholash hisobotlari haqqoniyligini majburiy ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi.

Davaktiv agentligining hududiy boshqarmasi baholash natijasiga koʻra ikki ish kuni ichida boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini savdoga chiqarish toʻgʻrisida tegishli buyruq qabul qiladi va uni toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksionga chiqaradi.

Jismoniy shaхslarga, ularning onlayn-buyurtmanomalari boʻyicha хususiylashtirish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarining lot raqamlari toʻgʻrisida aхborot tizimi orqali avtomatik ravishda SMS-хabarnoma yuboriladi. 

 

Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi. 

5-05-2024, 12:18
Saytga qaytish