Kuzatuvchi.uz / INTIZOMIY JAZO TURLARI VA ULARNI QO`LLASH TARTIBI

INTIZOMIY JAZO TURLARI VA ULARNI QO`LLASH TARTIBI

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 312-moddasiga ko`ra, Mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga hayfsan, o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima, (ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin), mehnat shartnomasini bekor qilish intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli ekanligi belgilangan.

Intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qo‘llaniladi.

Shuningdek, mehnat qonunchiligiga ko`ra, ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilguniga qadar yozma tushuntirishni talab qilishi, shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘lsa, talab qilishi shartligi, xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi belgilangan.

Har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin.

Xodimga intizomiy jazo chorasini qo‘llash ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida, xodim ishda bo‘lmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari ko‘rsatilgan holda imzo qo‘ydirib e’lon qilinadi.

 

 

Xusin ISKANDAROV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.

 

 

2-05-2024, 01:07
Saytga qaytish