Kuzatuvchi.uz / QANDAY AXBOROTLARNI TARQATISH TAQIQLANGAN? BILISH KERAK BOʻLGAN MUHIM MAʼLUMOTLAR

QANDAY AXBOROTLARNI TARQATISH TAQIQLANGAN? BILISH KERAK BOʻLGAN MUHIM MAʼLUMOTLAR

Konstitutsiyaga asosan har kim fikrlash, soʻz hamda istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Ammo bunda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmaslik shart.

Xoʻsh, qonunchiligimizda milliy qadriyatlar va ijtimoiy axloqqa zid axborotni tarqatish masalasi qanday tartibga solingan? Qanday toifadagi axborotni tarqatish taqiqlangan? Ushbu cheklovga rioya etilmasa, nima boʻladi? Hudud24.uz shu kabi muhim masalalarda soʻz yuritadi.

Qanday toifadagi axborot boshqa kishilar, jamiyat hamda davlatning qonuniy huquq va manfaatlariga putur yetkazadi?

Konstitutsiyaga koʻra, axborotni izlash, olish va tarqatish huquqini faqat konstitutsiyaviy tuzum, aholi sogʻligʻi, ijtimoiy axloq, kishilarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va tartibini taʼminlash, shuningdek davlat sirlari yoki boshqa sirlar tarqashining oldini olish uchun cheklashga yoʻl qoʻyiladi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, “ijtimoiy axloq” tushunchasi mavhum boʻlib, ijtimoiy axloq meʼyor, mezon va asoslari hech bir hujjatda belgilanmagan.

Jumladan, qonunchilikka koʻra, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborot yoki jamiyatga, davlatga hurmatsizlikni namoyon etuvchi, shu jumladan, beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish ham taqiqlangan.

Taʼkidlash lozimki, bunday toifadagi axborotlar odatda millatga xos qadriyat, udum va anʼanalar bilan bevosita bogʻliq boʻladi.

Xoʻsh, qadriyat, udum va anʼana deganda nimani tushunish kerak? Izohli va ensiklopedik lugʻatlarga koʻra:

Qadriyat – voqelikdagi muayyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy-axloqiy, madaniy, maʼnaviy ahamiyatini koʻrsatish uchun qoʻllanadigan tushuncha. Inson va insoniyat uchun ahamiyatli boʻlgan barcha narsalar, masalan, erkinlik, tinchlik, adolat, maʼrifat, haqiqat, yaxshilik, moddiy va maʼnaviy boyliklar va boshqalar qadriyat hisoblanadi.

Anʼana – oʻtmishdan kelajakka meros qoladigan, avloddan avlodga oʻtadigan, jamiyat hayotining turli sohalarida namoyon boʻladigan moddiy va maʼnaviy qadriyat. Milliy, madaniy, maishiy, ijtimoiy-siyosiy, diniy va boshqa anʼanalar bor. Masalan, Navroʻz, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni, Roʻza hayiti, Qurbon hayiti va boshqa xalq bayramlari.

Udum – umum tomonidan qabul qilingan va amal qilinadigan tartib, rasm, shuningdek, ayrim shaxsga xos ish-mashgʻulot, odat hisoblanadi.

Kishilar milliy qadriyat, anʼana va udumlarni saqlashga, hurmat qilishga majburmi?

Masalan, oila Sharq jamiyatidagi eng asosiy qadriyatlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun hamma oila qurishga majburmi? Javob – yoʻq. Konstitutsiyaga asosan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.

Yaʼni inson istasa, oila quradi, istamasa toq oʻtadi va bu kishining muhokama qilinishi kerak ham boʻlmagan fundamental huquqi hisoblanadi, xuddi shunday, bokiralik, bolali boʻlishi yoki boʻlmaslik va shu singari boshqa nozik masalalar ham.

Ammo bu yerda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan jihat – bunday qarorga kishini oʻzining va boshqalarning munosabati.

Masalan, bloger (umuman, istalgan shaxs) oʻz sahifasida “Navroʻz otashparastlarning bayrami ekanligi hamda uni nishonlovchi har qanday kishi kofir va xoin ekanligi” toʻgʻrisida material joylashtirib, ushbu bayramni nishonlayotgan kishilar, jamiyat va davlat toʻgʻrisidagi fikrini beodoblik bilan ifodaladi. Yoki “zamonaviy qiz idealini tavsiflay turib, nikohga qadar bokiraligini saqlab keladigan qizlar qoloq”likda ayblandi.

Huquqiy jihatdan aytadigan boʻlsa, kishilar oʻzgalarning axloqiy qarashlari, qadriyatlari va hayot tarzini maʼqullashi, qoʻshilishi shart emas, biroq uni hurmat qilishga majbur. Bunda hurmat qilish kishining qarashlarini odatiy va tabiiy qabul qilishni emas, balki qarama-qarshi fikrlarga nisbatan tolerant boʻlishni va bunday qarashdagi kishilar shaʼni va qadr-qimmatini yerga urmaslik kerakligini anglatadi.

Yuqorida keltirilgandek, har biri erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Ammo Konstitutsiyaga koʻra, kishilar huquq va erkinligini amalga oshirishda boshqa kishilar, jamiyat va davlatning huquq va qonuniy manfaatlariga putur yetmazmasligi kerak. Yaʼni boshqaning huquqi boshlangan joyda kishining huquqlari, shu jumladan, axborot tarqatish huquqi tugaydi. Kishilar boshqalarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur.

Shu nuqtayi nazardan aytish mumkinki, fuqarolar milliy qadriyat, anʼana va udumlarni saqlash va rioya qilishni oʻzlari uchun oʻzlari hal qilsalar-da, ularni hurmat qilishga majburdirlar.

Bu majburiyat, oʻz navbatida, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborot yoki jamiyatga, davlatga hurmatsizlikni namoyon etuvchi, shu jumladan, beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatishni ham taqiqlaydi.

Yana shuni ham qoʻshimcha qilish kerakki, jamiyat kayfiyatidagi oʻzgarishlar, jumladan, ayollar va erkaklar oʻrtasidagi ijtimoiy munosabatlarga nisbatan radikal qarashlarni yumshatish va kishilarning shaʼni va qadr-qimmatiga tajovuzlarning oldini olish maqsadida ayrim toifadagi axborotni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan.

Masalan, qonunchilikka kiritilgan soʻnggi oʻzgarishlarga koʻra, ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, gʻoyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish, shu jumladan, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etish, ushbu mazmundagi qarashlarni tarqatish endilikda maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.

Shunga qaramay, qonun konstruktiv tanqidni taqiqlamaydi. Jamiki, masalalar yuzasidan fikr bildirish mumkin, faqatgina fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazmaslik, jamiyat va davlatga hurmatsizlik qilmaslik sharti bilan.

 

Xusin ISKANDAROV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i. 

 

1-05-2024, 23:56
Saytga qaytish