Kuzatuvchi.uz / ALIMENT UCHUN CHET ELGA CHIQISHGA QOʻYILGAN TA'QIQNI OLIB TASHLASH TARTIBI

ALIMENT UCHUN CHET ELGA CHIQISHGA QOʻYILGAN TA'QIQNI OLIB TASHLASH TARTIBI

MUHIM 6 TA QOIDA

 

Aliment toʻlovchi ayrim shaxslarning bevosita daromad manbai chet elga chiqish, migratsiya bilan bogʻliq. Bunday hollarda chet elga chiqishga qoʻyilgan taqiqni alimentni oldindan toʻlash yoki aliment boʻyicha garov shartnomasini tuzish orqali olib tashlash mumkin.

1. Chet-elga chiqishga taqiqni qanday olib tashlash mumkin?

Sud yoki MIB tomonidan aliment toʻlovchilarning xorijga chiqishi vaqtincha cheklanishi mumkin.

Chet elga chiqishga taqiqni 2 ta usul bilan olib tashlash mumkin:

alimentni oldindan toʻlash;

aliment boʻyicha garov shartnomasini tuzish.

2. Alimentning qancha davrini oldindan toʻlash kerak?

Aliment oldindan 5-yildan kam boʻlmagan muddatga toʻlanishi kerak. Bolalar voyaga yetgunigacha boʻlgan davr 5-yildan kam boʻlsa, alimentlarni oldindan toʻlash qolgan davr uchun amalga oshiriladi.

3. Garov shartnomasi miqdori qancha?

Alimentni toʻlashni garov bilan taʼminlash ham mumkin va bunda garov qiymati BHMning 250 baravari (85 mln soʻm)dan kam boʻlmasligi lozim. Har qanday mol-mulk (avtomobil, doʻkon, uy-joy, kvartira) garov boʻlishi mumkin.

4. Kimga murojaat qilish kerak?

Alimentni oldindan toʻlash yoki alimentni garov bilan taʼminlash uchun ijro hujjatini bergan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilinadi.

Bunda sudga ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisida ariza beriladi. Ariza namunalarini bu yerda olish mumkin.

Arizaga MIB tomonidan berilgan aliment toʻlovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, davlat ijrochisining oldindan toʻlash belgilangan alimentlar summasini hisoblash toʻgʻrisidagi qarori ilova qilinishi shart.

Aliment garov bilan taʼminlanganda esa garov shartnomasi ham ilova qilinishi kerak.

Bundan tashqari, arizada alimentni oyma-oy toʻlab borish uchun toʻsqinlik qiladigan obyektiv holatlar koʻrsatiladi (boshqa mamlakatga tashrif buyurish toʻgʻrisida taklifnoma, boshqa mamlakatda ishga tayinlanganligi toʻgʻrisidagi buyruq va ҳ.к.).

5. MIB maʼlumotnomani qancha muddatda berishi lozim?

Qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va davlat ijrochisining oldindan toʻlash belgilangan alimentlar miqdorini hisoblash toʻgʻrisidagi qarorini berish toʻgʻrisidagi ariza 7 ish kunida koʻrib chiqiladi.

Hujjatlarni qoʻshimcha oʻrganish talab etilganda ariza 15 ish kunida koʻrib chiqilishi mumkin.

Oldindan toʻlash belgilangan alimentlar summasini hisoblash toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab bir oy muddat davomida amal qiladi, bu haqda qarorda koʻrsatiladi.

6. Garov shartnomasi qanday tuziladi?

Garov shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanadi. Shartnomaning namunaviy nusxasini bu yerdan olish mumkin.

Aliment 2 oydan ortiq muddatda toʻlanmasa, undiruv garovga qoʻyilgan mulkka qaratiladi.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

1-05-2024, 11:06
Saytga qaytish