Kuzatuvchi.uz / TUHMAT QILISH QANCHALIK XAVFLI? U HAQIDA BILISH ZARUR BOʻLGAN QOIDALAR

TUHMAT QILISH QANCHALIK XAVFLI? U HAQIDA BILISH ZARUR BOʻLGAN QOIDALAR

Odamlar orasida boshqalar haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatib yuradiganlari ham uchrab turadi. Ularning maʼlumotlariga ishonib siz ham boshqa bir shaxs haqidagi axborotni tarqatib yurmasligingiz lozim. Chunki ushbu harakatingiz uchun huquqbuzar yoki jinoyatchi boʻlib qolishingiz mumkin.

Tuhmat oʻzi nima?

Tuhmat bu bila turib yolgʻon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish hisoblanadi. Demak, birov haqida bilmasdan turib oʻylab topilgan boʻlishi mumkin boʻlgan uydirmalarni tarqatmaslik lozim.

Gapingiz tuhmat boʻlib qolmasligi uchun nima qilish kerak?

Birinchi navbatda, boshqa bir shaxslar haqida gapirmaganingiz maqsadga muvofiq. Gapirgan taqdirda ham faktga tayangan holda gapirish lozim.

Masalan, siz bilan birga ishlaydigan rahbaringiz boshqa xodimni haqorat qilganligi haqida xabar eshitdingiz, lekin buni tasdiqlovchi dalilingiz mavjud emas, bu haqida qolgan barcha xodimlarga xabar berib qoʻydingiz va bu rahbarga ham yetib bordi.

Ushbu holatda rahbar sizni tuhmat qilganlikda ayblashi ham mumkin. Chunki siz bu yerda hech qanday dalilsiz uydirma tarqatgan hisoblanib qolishingiz mumkin. Shu boisdan, iloji boricha boshqalar haqida asossiz maʼlumotlar tarqatmaslik lozim.

Internet orqali tuhmat qilish ogʻirroq boʻladi.

Internet tarmoqlarida ayrim fuqarolar dalil bilan yoki dalilsiz baʼzi rahbarlarning faoliyatini tanqid qilish holatlari kuzatiladi. Ushbu tanqidlar oʻz tasdigʻini topsa, mayli. Lekin bunday boʻlmasa, fuqaro ushbu tanqidlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Chunki nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirish orqali tuhmat qilish jinoyat hisoblanadi.

Shu boisdan, birov sizga adolatsizlik qilgan boʻlsa yoki u bilan adovatingiz boʻlsa, boshqalarning aytgan gaplariga qarab u haqida (u kim boʻlishidan qati nazar) internetda maʼlumot tarqatishga shoshilmang.

Tuhmat uchun qanday javobgarlik bor?

Tuhmat, yaʼni bila turib yolgʻon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish BHMning 20 baravaridan 60 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Demak, tuhmat qilgan shaxs 20 mln 400 ming soʻmgacha miqdorda jarima toʻlashi mumkin.

Albatta, agar bu tuhmat maʼmuriy huquqbuzarlik boʻlgan taqdirda jarima bilan qutulish mumkin. Ammo jinoyat boʻlsa, ogʻirroq oqibatlarga olib keladi.

Fuqaro maʼmuriy javobgarlikka tortilgandan soʻng yana bir yil ichida yana kimgadir tuhmat qilsa, u jinoiy javobgarlikka tortiladi. Yaʼni, BHMning 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2-yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirish orqali tuhmat qilinsa, BHMning 200 baravari jarimadan tortib 1-yilgacha ozodlikni cheklashgacha jazolanishi mumkin.

Xavfli retsidivist tomonidan, gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilinsa, shuningdek, tuhmat ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlsa, BHMning 300 baravari jarimadan tortib 3-yilgacha ozodlikni cheklashgacha jazo bilan jazolanishi mumkin.

Hurmatli fuqarolar, sizga kelgan har qanday yozma va ogʻzaki axborotlarni tarqatishdan avval uning asoslarini tekshiring. Oʻzga haqida uydirma axborotlarni tarqatmang, aks holda bu sizga “qimmatga tushishi” mumkin.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

1-05-2024, 01:32
Saytga qaytish