Kuzatuvchi.uz / PENSIYA TAYINLASHNI SO‘RAB MUROJAAT ETISH TARTIBI

PENSIYA TAYINLASHNI SO‘RAB MUROJAAT ETISH TARTIBI

Fuqaro yoki uning qonuniy vakili pensiya tayinlashni so‘rab o‘z tanloviga ko‘ra quyidagi usullardan birini qo‘llagan holda murojaat qilish huquqiga ega:

doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga ariza bilan;

yashash joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazida so‘rovnoma to‘ldirgan holda;

O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali so‘rovnoma to‘ldirgan holda.

Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar pensiya tayinlashni so‘rab ariza bilan manzil-koloniya joylashgan erdagi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining bevosita tuman (shahar) bo‘limiga yoki so‘rovnoma to‘ldirgan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etishi mumkin.

Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etilganda shaxsning pensiyaga bo‘lgan huquqi ushbu Qonunda belgilangan shartlarga va normalarga muvofiq axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlarga asosan aniqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining bo‘limlari pensiyalarni tayinlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar va ma’lumotlar berishi, shuningdek arizachiga zarur hujjatlarni olishida ko‘maklashishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari korxonalardan, tashkilotlardan va ayrim shaxslardan tegishli hujjatlarni talab qilib olish, zarur hollarda esa, ularning berilishi asosliligini tekshirish huquqiga ega.

Korxonalar va tashkilotlar pensiya uchun (pensiya qayta hisob-kitob qilinishi uchun) hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki ishonchsiz ma’lumotlari bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish oqibatida pensionerga yetkazilgan zarar uchun uning oldida qonunchilikda belgilanganidek javobgar bo‘ladi.

Korxona yoki pensioner tomonidan ma’lumotlari ishonchsiz hujjatlar taqdim etilganligi oqibatida davlatga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga qoplanadi. Bunda korxona tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limidan tegishli xabarnoma olingan kundan e’tiboran bir oy ichida, pensioner tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni esa ushbu fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunning 65-moddasida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.

 

Yangibozor tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.

 

 

13-04-2024, 02:26
Saytga qaytish