Kuzatuvchi.uz / SANOAT NAMUNASIGA PATENT BERISH QOIDALARI BELGILANDI

SANOAT NAMUNASIGA PATENT BERISH QOIDALARI BELGILANDI

Adliya vazirining buyrugʻi bilan sanoat namunasiga patent berish uchun talabnoma rasmiylashtirish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalari tasdiqlandi (11.01.2024-y. 3490-son).

Qoidalar quyidagilarni belgilaydi:

sanoat namunasiga patent berish uchun talabnoma tuzish va topshirish tartibi;

talabnoma bilan murojaat qilishga haqli boʻlgan shaxslar;

sanoat namunasining patentga layoqatlilik shartlari;

talabnoma materiallari, atamalar va ramzlarning mazmuni;

talabnomani koʻrib chiqish tartibi (roʻyxatga olish, rasmiy, ilmiy-texnik ekspertiza va boshqalar);

patent berish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi.

“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq sanoat namunasi deb eʼlon qilingan obyektga, agar u yangi va original boʻlsa, huquqiy muhofaza taqdim qilinadi.

Sanoat namunasi, agar uning muhim alomatlarining majmui sanoat namunasining ustuvorligi sanasiga qadar jahonda hamma foydalana oladigan maʼlumotlardan maʼlum boʻlmasa, yangi hisoblanadi.

Sanoat namunasining yangiligini belgilashda ancha avvalroq ustuvorlik bilan berilgan talab qilib olinmagan patent berishga talabnomalar ham hisobga olinadi.

Quyidagilar sanoat namunalari sifatida tan olinmaydi:

matbaa mahsulotlari;

arxitektura obyektlari (kichik arxitektura shakllari bundan mustasno), sanoat, gidrotexnika va boshqa statsionar inshootlar;

suyuq, gazsimon, sochiluvchan yoki shunga oʻxshash moddalardan iborat barqaror boʻlmagan shaklga ega obyektlar;

buyumning mutloq texnik funksiyasidan kelib chiqqan yechimlar;

jamiyat manfaatlari, insonparvarlik va axloqiy prinsiplarga zid yechimlar.

Sanoat namunasi muallifi sifatida uni ijodiy mehnati bilan yaratgan jismoniy shaxs tan olinadi. Agar obyekt bir nechta shaxslarning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan boʻlsa, ularning barchasi, agar kelishuvga koʻra ularning oʻrtasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, uning teng huquqli hammualliflari deb tan olinadi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 16-yanvar 2024-yildan kuchga kirdi.

 

Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi. 

 

22-01-2024, 19:22
Saytga qaytish