Kuzatuvchi.uz / “YASHIL ENERGIYA” SOHASI QANDAY TARTIBGA SOLINADI

“YASHIL ENERGIYA” SOHASI QANDAY TARTIBGA SOLINADI

 

Vazirlar Mahkamasining 08.01.2024-y 13-son “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya taʼminotini tashkil etish sohasini tartibga solish va rivojlantirish toʻgʻrisida”gi  qarori qabul qilindi.

Prezidentning 16.02.2023-y. PQ-57-son “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2023-yil 1-maydan boshlab yangi koʻp qavatli uylar qurilishini loyihalashtirishda ularning tomlari boʻsh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini oʻrnatish talabi joriy qilindi.

2024-yilda 765 ta koʻp qavatli uylarda umumiy quvvati 15,3 MVt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatiladi.

Bojxona qoʻmitasiga 2024-yil 1-fevralga qadar “Yashil energiya” axborot tizimini toʻliq funksional rejimida ishga tushirish va belgilangan tartibda Energetika vazirligiga oʻtkazishni taʼminlash topshirildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xom ashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini import qilishda bojxona toʻlovlarini 120 kun  muddatga toʻlashni foizlar undirilmagan holda kechiktirib toʻlash belgilangan.

2024-yil 1-martdan boshlab texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat koʻrsatkichlarini ifodalovchi  “A”, “B”, “C” va “T” tegishli  sinfi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud  boʻlmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiqlanadi.

Quyosh panellari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy boʻlgan mahsulotlar roʻyxatiga kiritiladi.

Hujjat bilan “Yashil energiya” axborot tizimidan foydalanish va uning uzluksiz ishlashini taʼminlash tartibi belgilangan.

“Yashil energiya” (“yashil energetika”) axborot tizimi  qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari oʻrnatilgan va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi (quvvati) boʻyicha maʼlumotlarni masofadan turgan holda kiritish hamda oʻrnatilgan quyosh panellarining real vaqt rejimida hisobini yuritish orqali monitoring qilish imkonini beradi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 11-yanvar 2024-yildan kuchga kirdi.

 

Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi. 

 

22-01-2024, 19:16
Saytga qaytish