Kuzatuvchi.uz / RESPUBLIKA VA MUNITSIPAL MULK HAQIDA

RESPUBLIKA VA MUNITSIPAL MULK HAQIDA

       O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 213-moddasiga ko`ra, Respublika mulki va ma’muriy-hududiy tuzilmalar mulkidan (munitsipal mulk) iborat bo‘lgan davlat mulki ommaviy mulkdir.

Yer, yer osti boyliklari, suv, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy boyliklar, davlat hokimiyati va boshqaruvi respublika organlarining mol-mulki, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan moddiy madaniy meros obyektlari, respublika budjetining mablag‘lari, oltin zaxirasi, davlatning valyuta fondi va boshqa fondlari respublika mulkidir, shuningdek korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, o‘quv, ilmiy, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari, intellektual faoliyat natijalari, basharti bular budjet yoki davlatning o‘zga mablag‘lari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan bo‘lsa, boshqa mol-mulk respublika mulki bo‘lishi mumkin.

Respublika mulki bo‘lgan mol-mulkni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati yoki ular maxsus vakil qilgan organlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tasarruf qiladilar.

Respublika mulki bo‘lgan mol-mulk davlat yuridik shaxslariga xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida biriktirib qo‘yilishi mumkin.

Respublika mulki respublika budjetiga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar hisobidan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi.

Respublika mulki obyektlari qonunchilikda belgilab qo‘yilgan tartibda va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin.

Davlat hokimiyati mahalliy organlarining mol-mulki, mahalliy budjet mablag‘lari, munitsipal uy-joy fondi va kommunal xo‘jalik, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, xalq ta’limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash muassasalari, shuningdek boshqa mol-mulk munitsipal mulk bo‘ladi.

Munitsipal mulk bo‘lgan mol-mulkni, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, davlat hokimiyati mahalliy organlari yoki ular vakil qilgan organlar tasarruf etadilar.

Munitsipal mulk bo‘lgan mol-mulk yuridik shaxslarga xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida biriktirib qo‘yilishi mumkin.

Munitsipal mulk mahalliy budjetga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar hisobidan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga muvofiq boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi.

Munitsipal mulk obyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin.

            Ixlosbek ESHCHANOV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

28-03-2024, 01:59
Saytga qaytish