Kuzatuvchi.uz / AXBOROT-KUTUBXONA SOHASIDA DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATISHNING MA’MURIY REGLAMENTI TASDIQLANDI

AXBOROT-KUTUBXONA SOHASIDA DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATISHNING MA’MURIY REGLAMENTI TASDIQLANDI

Vazirlar mahkamasining 2023-yil 1-maydagi 176-son qaroriga asosan axborot-kutubxona sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Mazkur Reglament nashrlarga kitobning ISBN (International Standard Book Number) xalqaro standart raqami (keyingi o‘rinlarda — ISBN xalqaro standart raqami) hamda davriy nashrlarning ISSN (International Standard Serial Number) xalqaro standart raqami (keyingi o‘rinlarda — ISSN xalqaro standart raqami) olish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish tartibini belgilaydi. 

Reglamentga ko‘ra, buyurtmachi o‘z xohishiga ko‘ra, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga bevosita murojaat qiladi yoki YIDXP ya’ni my.gov.uz sayti orqali davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

 

Buyurtmachi DXMga kelib murojaat etganda xodim ariza beruvchi nomidan so‘rovnomani elektron to‘ldiradi.

Аriza beruvchi so‘rovnomani YIDXP orqali to‘ldirilganda, undan elektron raqamli imzo talab etiladi.

Nashrlarga kitobning ISBN (International Standard Book Number) xalqaro standart raqamini berish uchun BHM ning 75 foizi miqdorida, Davriy nashrlarga ISSN (International Standard Serial Number) xalqaro standart raqamini berish uchun BHM ning 200 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Vakolatli organga kelib tushgan so‘rovnoma Milliy kutubxona mas’ul xodimi tomonidan qabul qilib olinadi va uning to‘g‘ri to‘ldirilganligi tekshiriladi. Agar so‘rovnomada xato bo‘lsa, ularni besh ish kunida bartaraf etish uchun qaytaradi.

Yig‘imni to‘lamaslik xizmat ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

So‘rovnoma tushgandan boshlab uch ish kunida Milliy kutubxona mas’ul xodimi davlat xizmatini ko‘rsatadi va elektron ma’lumotnomani DXMga yoki YIDXP orqali buyurtmachiga yuboradi.

Davlat xizmatlari markazi xodimi davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi ma’lumotnomani real vaqt rejimida buyurtmachining elektron manziliga yuboradi va uni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Buyurtmachi murojaatiga asosan Davlat xizmatlari markazi xodimi ma’lumotnomani elektron yoki qog‘oz shaklida taqdim etishi mumkin

Shexnazarbek MADAMINOV,

Tuproqqal’a tumani davlat xizmatlari markazi yetakchi mutaxassisi.

19-01-2024, 19:51
Saytga qaytish