Kuzatuvchi.uz / TEKIN OLINGAN MOL-MULK (XIZMATLAR)

TEKIN OLINGAN MOL-MULK (XIZMATLAR)

Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchi tomonidan tekin olingan mol-mulk va (yoki) xizmatlar soliq to‘lovchining daromadi deb e’tirof etiladi.

Mol-mulkni (xizmatlarni) tekin asosda olish chog‘ida oluvchi shaxsning daromadlari, agar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu mol-mulkning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Tekin olingan mol-mulkning (xizmatlarning) bozor qiymati hujjat bilan tasdiqlanishi kerak. Xususan, quyidagilar shunday hujjatlar bo‘lishi mumkin:

1) yuklab jo‘natishga, yetkazib berishga yoki topshirishga doir hujjatlar;

2) mahsulot yetkazib beruvchilarning narxga doir ma’lumotlari (prays-varaqlar);

3) ommaviy axborot vositalaridan olingan ma’lumotlar;

4) birja xabarlari;

5) davlat statistika organlarining ma’lumotlari.

Qarz beruvchiga foizli daromad to‘lash majburiyatisiz qarz (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordam) olish chog‘ida qarz oluvchining daromadi qarz (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordam) olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Qarz beruvchining daromadini aniqlashning xuddi shunday tartibi qarz (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordam) olish sanasida stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lgan foizlar to‘lash sharti bilan berilgan qarzlarga (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordamga) nisbatan qo‘llaniladi.

Ushbu modda to‘rtinchi qismining qoidalari:

1) banklararo operatsiyalarga va kredit tashkilotlari tomonidan berilgan kreditlarga;

2) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga ko‘ra, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan beriladigan qarzlarga (ssudalarga);

3) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining bir ishtirokchisi tomonidan ayni shu konsolidatsiyalashgan guruhning boshqa ishtirokchisiga beriladigan qarzlarga (qaytarib berish sharti bilan moliyaviy yordamga) nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ushbu moddaning birinchi qismi qoidalari ushbu Kodeksning 322-moddasida nazarda tutilgan soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda mol-mulkni ishonchli boshqaruvga berishdan naf oluvchi oladigan daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

 

Yangibozor tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi.

 

19-03-2024, 00:56
Saytga qaytish