FHDYo organlari – tuman va shahar FHDYo bo‘limlari, nikoh uylari hamda Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari FHDYo arxivlari.
Fuqarolik holati dalolatnomalari tuman va shaharlarda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd etiladi, shaharcha, qishloq va ovullarda esa, o‘lim — fuqarolar yig‘ini raislari tomonidan ham qayd etilishi mumkin.
Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘limni ro‘yxatga olish borasidagi harakatlari o‘zlari joylashgan hududlardagi tegishli fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarining nazorati ostida bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalari konsul tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq qayd etiladi.
Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning FHDYo organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o‘tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.
Uzrli sabablar bo‘lganda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga etmaganning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi — emansipatsiya) FHDYo organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin.
Alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar) nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.
Nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan ko‘rib chiqiladi. Ayrim hollarda etarli asoslar bo‘lgan taqdirda, shuningdek FHDYo organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin.
Ushbu xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilib olish mumkin.
Nikoh yoshi
Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan.
Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga etmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga asosan nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga etmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
A.DUSCHANOV,
Shovot tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.