Masofadan turib ishlash mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini ish beruvchi joylashgan erdan, tashkilotning alohida tuzilmasidan (shu jumladan boshqa erda joylashganlaridan) ish beruvchining bevosita yoki bilvosita nazoratida bo‘lgan statsionar ish joyidan, hududdan yoki obyektdan tashqarida bajarishdan iborat bo‘lib, bunda mazkur mehnat vazifasini bajarish hamda uni bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish uchun axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish shart bo‘ladi.
Masofadan turib ishlash rejimi quyidagi hollarda belgilanishi mumkin:
- xodimni ishga qabul qilishda;
- xodim odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilgan taqdirda ish jarayonida.
Muayyan ish beruvchida ishlayotgan shaxsning avvalgi mehnat vazifasini davom ettirgan holda odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilishi mehnat shartlarining o‘zgarishidir.
Xodimning odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilishi, agar bunda xodimning mehnat vazifasi o‘zgarsa, boshqa ishga o‘tkazish hisoblanadi.
Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilish va o‘tkazish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi xodimni masofadan turib ishlashga nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasiga ko‘ra qabul qilish haqidagi ish beruvchining buyrug‘i e’lon qilinishi uchun asosdir. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishga Mehnat Kodeksida nazarda tutilgan cheklovlarga amal qilgan holda yo‘l qo‘yiladi.
Mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv doimiy ravishda masofadan turib ishlashga o‘tish to‘g‘risida buyruqni e’lon qilish uchun asos bo‘ladi.
Xodimning vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishi haqida buyruqni e’lon qilish uchun xodimning masofadan turib ishlashga o‘tishga va ishni masofadan turib bajarish rejimi shartlariga roziligini aks ettiradigan arizasi asos bo‘ladi.
Vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishga yoki masofadan ishlashga o‘tkazishga doir ustuvor huquqqa ega bo‘lgan xodimlarning toifalari:
- homilador ayollar;
- 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ota-onalari, vasiylari;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- yoshga doir pensionerlar;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni yoki oilaning o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan bemor a’zolarini parvarishlayotgan xodimlar.
K.ISMOILOV,
Shovot tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.