Kuzatuvchi.uz / MAKTABLARDA YUQORI SINF O‘QUVCHILARIGA IKKINCHI XORIJIY TIL O‘RGATILADI

MAKTABLARDA YUQORI SINF O‘QUVCHILARIGA IKKINCHI XORIJIY TIL O‘RGATILADI

“Umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o'qitish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–53-son, 02.02.2024-y.) qabul qilindi.

 

🔰 Qarorga ko'ra, 2024/2025-o'quv yilidan bosqichma-bosqich tajriba-sinov tariqasida: 

▫️maktablarning 10–11-sinflarida tayanch o'quv rejasi asosida o'qitish bilan bir qatorda “Fanlarni chuqurlashtirib o'qitish” hamda “Biznes va kasb-hunarga o'qitish” yo'nalishlari bo'yicha ham ta'lim dasturlari joriy qilinadi;

“Fanlarni chuqurlashtirib o'qitish” yo'nalishi doirasida – o'quv jarayonini tashkil etishda asosiy e'tibor aniq, tabiiy yoki xorijiy til fanlariga qaratiladi;

 “Biznes va kasb-hunarga o'qitish” yo'nalishi doirasida esa – o'quvchilar ishchi yoki raqamli texnologiyalarga oid kasblarga o'qitiladi.

🔘 2024/2025 o'quv yilidan bosqichma-bosqich maktablarda xorijiy tillarni o'qitishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

🔸5–9-sinflarda o'quvchilarda bazaviy bilim va nutqiy ko'nikmalar shakllantiriladi;

🔸10–11-sinflarda asosiy e'tibor o'quvchilarning akademik yozuv va so'zlashish ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi;

🔸“Fanlarni chuqurlashtirib o'qitish” yo'nalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan o'quvchilar 10–11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga o'qitiladi.

 2024/2025-o'quv yilidan xorijiy tillar yo'nalishlari bo'yicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat OTM talabalarining maktablarda pedagogik amaliyoti yo'lga qo'yiladi.

➡️ “Biznes va kasb-hunarga o'qitish” yo'nalishi doirasida maktablarda ustaxonalar tashkil etilib, oylik ish haqi oliy ma'lumotli umumta'lim maktabi o'qituvchisiga tenglashtirilgan “Kasbiy ta'lim ustasi” lavozimi joriy qilinadi.

⚠️ Qarorga ko'ra, maktablarning bo'sh binolarini “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga amaliy monomarkazni tashkil qilish va keyinchalik o'quvchilarni kasb-hunarga o'qitish uchun to'g'ridan-to'g'ri shartnoma asosida tekin foydalanishga berishga ruxsat etiladi.

 

J.OTAJONOV,

Urganch tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshligʻi.

22-02-2024, 07:10
Saytga qaytish