“Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Hukumat qarori (214-son, 09.04.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, harbiy xizmatchilarga turar-joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lab beriladigan oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshirildi. Bunda pul kompensatsiyasi miqdorlariga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi:
Toshkent shahrida — BHMning 4,8 baravarigacha;
Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida — BHMning 3,6 baravarigacha;
respublikaning boshqa shaharlari, tumanlar markazlari va aholi punktlarida — BHMning 2 baravarigacha.
Shuningdek, 2025-yil 1-iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan taʼminlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joyning hisoblangan qiymati 35 foizi miqdorida belgilandi. Oldin mazkur miqdor barcha uchun 25 foizni tashkil etgan.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari va nogironligi bo‘lgan harbiy xizmatchilarni birinchi navbatda turar joy bilan taʼminlash, agar ular uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida turar joy bilan taʼminlangan bo‘lsa, qaytarilmagan kredit miqdori va kredit bo‘yicha hisoblangan foizlar Davlat budjeti hisobidan to‘liq qoplab beriladi.
D.AZAMATOVA,
Shovot tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.