Kuzatuvchi.uz / YURIDIK SHAXSNING TA’SIS HUJJATLARI

YURIDIK SHAXSNING TA’SIS HUJJATLARI

           O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 43-moddasiga ko`ra, yuridik shaxs ustav asosida yoki ta’sis shartnomasi va ustav asosida yoxud faqat ta’sis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxs shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin.

            Yuridik shaxsning ta’sis shartnomasi uning muassislari tomonidan tuziladi, ustavi esa — tasdiqlanadi.

         Ushbu Kodeksga muvofiq bir muassis tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxs shu muassis tasdiqlagan ustav asosida ish olib boradi.

            Yuridik shaxsning ustavi va boshqa ta’sis hujjatlarida yuridik shaxsning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), yuridik shaxs faoliyatini boshqarish tartibi belgilab qo‘yilishi, shuningdek ularda tegishli turdagi yuridik shaxslar to‘g‘risida qonunda nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlar va unitar korxonalarning, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, boshqa tijoratchi tashkilotlarning ham ta’sis hujjatlarida yuridik shaxs faoliyatining sohasi va maqsadlari belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak.

            Ta’sis shartnomasida taraflar (muassislar) yuridik shaxs tashkil etish majburiyatini oladilar, uni tashkil etish sohasida birgalikda faoliyat ko‘rsatish tartibini, unga o‘z mol-mulklarini berish hamda uning faoliyatida ishtirok etish shartlarini belgilaydilar. Shartnomada foyda va zararlarni ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlash, yuridik shaxs faoliyatini boshqarish, muassislarning uning tarkibidan chiqish shartlari va tartibi ham belgilab qo‘yiladi. Ta’sis shartnomasiga muassislarning kelishuviga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.

            Ta’sis hujjatlaridagi o‘zgartishlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab, qonunda belgilangan hollarda esa — davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organ ana shunday o‘zgartishlar haqida xabardor qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga ega bo‘ladi. Yuridik shaxslar va ularning muassislari mazkur o‘zgartishlarni hisobga olib ish yuritgan uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda ana shunday o‘zgartishlar ro‘yxatga olinmaganligini vaj qilib ko‘rsatishga haqli emaslar.

 

Ixlosbek ESHCHANOV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti. 

 

21-02-2024, 04:22
Saytga qaytish