Joriy yilning 5-noyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun “Ma’rifiy faoliyat” deb nomlangan 14 1 –modda bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, ma’rifiy faoliyat shaxsning shaxsiy, intellektual va ma’naviy jihatdan kamol topishi, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish, individual salohiyatini, imkoniyatlarini, muloqot qilish qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur ko‘nikmalar va malakalarni shakllantirishga qaratilgan, davlat ta’lim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi hisoblanadi.
Ma’rifiy faoliyat qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan (sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar), jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarni, tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlarni, O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlarni, firibgarlikni hamda boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishi mumkin emas.
Ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, talablari va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 594-modda bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, Ma’rifiy faoliyatni bunday faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirish yoxud ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach, ya’ni 2025-yil 6-fevraldan kuchga kiradi.
Zuhra BEGOVA,
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi huquqiy axborot sho‘basi bosh maslahatchisi.